20:46 / 29.03.2018
55684

Malibu'da qoramol o‘g‘irlayotgan shaxs qo‘lga tushdi

Vobkent tumani, Shakarkent MFY, Xalach qishlog‘ida yashovchi, 1960 yilda tug‘ilgan A.Sh. muqaddam giyohvandlik bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyatlarni sodir qilganligi uchun sudlanib, jazo muddatini o‘tab chiqqan bo‘lsada, bundan o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, uni yana tekin boylik orttirishning xumori tutadi, deb xabar bermoqda Buxoro IIB.

Bu gal u o‘zining qing‘ir “faoliyati”ni amalga oshirishda o‘zining kuyovi,  Vobkent tumani, Shakarkent MFY, Xalach qishlog‘ida yashovchi, muqaddam sudlangan, 1988 yilda tug‘ilgan E.M.ni jinoiy sherik sifatida tanlab, qaynota-kuyov bir guruhga birlashadilar.

Puxta o‘ylangan rejalariga asosan, ular Buxoro viloyatining turli hududlarida yashovchi fuqarolarning qoramol va qo‘y-qo‘zilarini yashirin ravishda o‘g‘irlashga kelishib oladilar.

Romitan tuman IIBga, O‘ba MFY, Yoqubshex qishlog‘ida yashovchi B.S. ariza bilan murojaat qilib, noma'lum shaxs yashash uyi molxonasiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, bahosi 5.000.000 so‘mlik sigirini yashirin ravishda o‘g‘irlab ketganligini bildiradi.

Shu kuning o‘zida Shofirkon tuman IIBga, Chitgaron MFY, Chitgaron qishlog‘ida yashovchi H.Q. ham molxonasidan bahosi 400.000 so‘mlik qo‘yini o‘g‘irlab ketilganligi to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi.

Foto: Buxoro IIB
Foto: Buxoro IIB
Foto: Buxoro IIB

Olib borilgan tezkor-surishtiruv ishlari davomida ushbu jinoyatlarni qaynota-kuyov sodir qilganliklari aniqlanishiga erishildi.

A.Sh.ning yashash xonadoni va yordamchi xo‘jaliklari xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, dala hududida joylashgan molxonasida turli hududlardan o‘g‘irlab kelingan qo‘y-qo‘zilar va qoramollar borligi aniqlandi. 

Mazkur holatlar yuzasidan  fuqarolar E.M. va Sh.A.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi. 2-qismi “v, g” bandlari bilan  jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda tergov harakatlari olib borilmoqda. 

Top