12:58 / 13.04.2018
14259

Fuqarolik-huquqiy shartnomani qanday to‘g‘ri tuzish mumkin?

Foto: wiseGEEK

Ko‘pincha tadbirkorlar va mutaxassislar fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzish orqali mehnat munosabatlarini rasmiylashtirishadi. Amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bunda ular murakkabliklarga duch kelishadi. Nimalarga e'tibor berish kerak? Norma shu haqda batafsil sharh berdi.
 
Agar fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzilsa
 
Mazkur shartnomaga ko‘ra, tomonlarning barcha majburiyatlari - ijrochining buyurtmachiga muayyan xizmatlarni ko‘rsatishi yoki ma'lum ishlarni bajarishidangina iborat bo‘ladi. O‘zaro munosabatlarning bunday shakli birinchi navbatda buyurtmachi uchun manfaatli. U ijrochi oldida Mehnat kodeksida nazarda tutilgan hech qanday majburiyatlarga ega bo‘lmaydi, xususan, kasallik varaqalari, mehnat ta'tili uchun haq to‘lamaydi, shartnoma bekor qilingan taqdirda ish bilan ta'minlash muammosini hal etmaydi va hokazo. Biroq ba'zan ichki mehnat qoidalariga rioya qilish bo‘yicha majburiyatlarni olishni istamagan mutaxassis shartnoma tashabbuskoriga aylanishi ham mumkin. Fuqarolik-huquqiy shartnomani buyurtmachilarning cheklanmagan miqdori bilan tuzish mumkin.
 
Fuqarolik-huquqiy shartnomani tuzishda quyidagi jihatlarga e'tibor berish tavsiya etiladi.
 
Shartnoma majburiy tartibda quyidagi shartlarni o‘zi ichiga olishi kerak:

• ijrochiga qo‘yiladigan aniq talablar;
• ko‘rsatilgan xizmatlar uchun buyurtmachi tomonidan ijrochiga to‘lanishi kerak bo‘lgan summa;
• bajarilgan ishni qabul qilish-topshirish shartlari;
• tomonlarning shartnoma majburiyatlarini bajarish muddatlari;
• shartnomani muddatidan oldin bekor qilish holatlari va oqibatlari.

Ko‘p hollarda FHShni tuzish bilan yuristlar emas, balki kadrlar bo‘limi mutaxassisi shug‘ullanadi, bu esa atamalardan foydalanishda xatoga yo‘l qo‘yilishiga olib keladi. Pirovardida ushbu xato fuqarolik-huquqiy shartnomani mehnat shartnomasi deb topilishi uchun asos bo‘lishi mumkin.
 
Ko‘pgina tashkilotlarning ayanchli oqibatlarga olib keladigan eng keng tarqalgan xatolari — bu fuqarolik-huquqiy shartnomalar matnida mehnat huquqi atamalaridan foydalanish. Masalan, ko‘pincha e'tiborsizlik yoki boshqa sabablar tufayli FHShda tomonlar «buyurtmachi» o‘rniga «ish beruvchi», «ijrochi» o‘rniga – «xodim» so‘zlaridan foydalanishadi va ushbu munosabatlarning sub'yektlari «xodim» va «ish beruvchi» hisoblanadi. «Pirovard natija uchun to‘lanadigan bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmatlar) uchun haq» yoki «shartnoma narxi» so‘z birikmasi o‘rniga ko‘pchilik «ish haqi» so‘z birikmasidan foydalanadi.
 
Shartnoma matnida va uni ijro etish jarayonida Mehnat kodeksi tomonidan mehnat shartnomasining majburiy shartlari jumlasiga kiritilgan shartlar saqlanmasligi kerak:
 
• ish joyi (tarkibiy tuzilma ko‘rsatilgan holda),
• shtat jadvaliga muvofiq lavozimda, malaka ko‘rsatilgan holda kasb, mutaxassislik bo‘yicha ishlash,
• ishning boshlanish sanasi,
• mehnatga haq to‘lash shartlari (tarif stavkasi yoki maosh miqdori, qo‘shimcha to‘lovlar, ustama va rag‘batlantiruvchi to‘lovlar),
• mehnat va dam olish rejimi,
• fuqaroni majburiy ijtimoiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi shart va boshqalar.
 
FHSh tuzishda ishga qabul qilish to‘g‘risida ariza, buyruq rasmiylashtirish, shuningdek mehnat daftarchasiga yozuv kiritish talab etilmaydi.
 
Shartnomani rasmiylashtirish uchun ijrochi quyidagilarni taqdim etishi kerak:

• pasport, yoki uning o‘rnini bosuvchi hujjat;
• STIR;
• ShJBPH.

Top