13:44 / 01.05.2018
13446

Surishtiruvchilar, tergovchilar, prokurorlar ustidan sudga shikoyat qilishga ruxsat berishlari mumkin

Foto: iStock

Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasi loyihasiga jinoyat ishlarini ko‘rishda sud nazoratini kengaytirish to‘g‘risida taklif kiritildi, deb yozmoqda Norma.
 
Eslatib o‘tamiz, jinoyat protsessi zamonaviy nazariyasida tergovchi va prokuror jinoyat ishini ko‘rib chiqish uchun bermaganda sud vakolatiga kiradigan 3 ta asosiy jihat ajratib ko‘rsatiladi:
 
1) protsessual majburlov choralarini qo‘llash – ushlab turish, uy qamog‘i, shaxsni tibbiyot muassasasiga joylashtirish, lavozimidan vaqtincha chetlashtirish va b.;
 
2) ayrim tergov harakatlarini sanksiyalash (o‘tkazishga ruxsat berish) – tintuv, muloqotlarni eshitish, pochta-telegraf jo‘natmalarini olib qo‘yish va h.k.;
 
3) surishtiruvchi, tergovchi va prokurorning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish.
 
O‘zbekiston jinoyat protsessi amaliyotiga sud nazoratini («Xabeas korpus» instituti) joriy etish 2008 yilda boshlandi. Bungacha surishtiruv va dastlabki tergov prokuratura tomonidan deyarli to‘liq nazorat qilingan. Sud nazorati bosqichma-bosqich va faqat protsessual majburlov choralarini qo‘llashga sanksiyalar berish doirasida joriy etilgan. Boshqa 2 soha (tergov harakatlarini sanksiyalash va shikoyatlarni ko‘rib chiqish) esa bo‘lajak islohot bosqichida bo‘lgan.
 
Biroq 2017 yilda prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida ushbu tendensiyaga barham berib, tintuv o‘tkazishga hamda telefon va boshqa so‘zlashuv jihozlari orqali muloqotlarni eshitib turishga sanksiyalar berish huquqini sudlarga o‘tkazishni taklif etdi. Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga ko‘ra tayyorlangan Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasi loyihasiga Bosh prokuratura (ishlab chiquvchi) sudning tergovgacha tekshiruv olib boruvchi shaxslar, surishtiruvchilar, tergovchilar va prokurorlarning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiqish huquqini ham kiritdi. Ya'ni sud nazorati to‘laqonli ishlashi istiqboli yuzaga keldi.
 
«Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida»gi Qonunda 1995 yildayoq fuqarolarning, shu jumladan jinoyat protsessi doirasida sudga shikoyat qilish huquqi rasman mustahkamlangan. Zero qonun faqat 2 holatda: tekshirilishi Konstitutsiyaviy sudning mutlaq vakolatlari doirasiga kiritilgan xatti-harakatlar (qarorlar), shuningdek ustidan sudga shikoyat qilishning o‘zgacha tartibi belgilangan xatti-harakatlar (qarorlar) haqida so‘z borganda qo‘llanmasligi belgilangan.
 
Ushbu istisnoli holatlar jinoyat ishlarini ko‘rishda kam qo‘llangan, bunda jinoyat ishini qo‘zg‘atish bilan uni sudga oshirish o‘rtasidagi muddat 1 yilgacha borishi mumkin bo‘lgan (JPKning 351-moddasidagi dastlabki tergovning eski va yangi muddatlariga qarang). Binobarin, sudning ishni sudda ko‘rayotganda dastlabki tergov chog‘ida yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklarni bartaraf etishiga o‘rin qolmagan. Biroq 1996 yilda Oliy sud Plenumi surishtiruvchilar, tergovchilar va prokurorlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan huquqbuzarliklarga nisbatan qonunni qo‘llamaslik uchun bu ham yetarli ekanligi haqida tushuntirish bergan. Shu kunga qadar ishni sudgacha ko‘rish bosqichida ularning xatti-harakatlari ustidan faqat yuqori turuvchi mansabdor shaxsga yoki prokurorga (yuqori turuvchi prokurorga) shikoyat qilishga ruxsat beriladi. 
 
Taklif etilgan g‘oya amalga oshirilsa, jinoyat ishini qo‘zg‘atish, tergovgacha tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov o‘tkazish chog‘ida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytiriladi.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, unga qo‘shimcha kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Mavzuga oid
Top