01:46 / 10.06.2018
4865

Amerikalik muallima rivojlanishida og‘ishga ega bolalarga 1 mln dollar vasiyat qildi

Foto: Reuters

Amerikalik muallima Jyeneveva Via Kava ruhiy va jismoniy rivojlanishida og‘ishga ega bolalarga yordam beruvchi jamg‘arma tashkil etishga o‘zining 1 mln dollarlik mablag‘ini vasiyat qildi. Bu haqda New York Times nashri ma'lum qildi. Pullar Dyumont shahridagi davlat maktablari boshqarmasiga vasiyat qilingan. 

Muallima 7 yil avval 89 yoshida vafot etgan, biroq u qoldirgan vasiyatnoma mazmuni endigina – xayriya jamg‘armasi tashkil etilganda ma'lum qilindi. Har yili 1 mln dollarlik omonat foizi hisobiga kamida bir talaba oliy ta'lim muassasasida o‘qish uchun 25 ming dollarlik grant olishi mumkin. Grantlar 2019/2020 yillardagi o‘quv yilidan taqdim qilina boshlanadi.

1945 yildan boshlab ayol Nyu-Jyersida rivojlanishida og‘ishga ega bo‘lgan bolalar maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Ayolning yaqin do‘stining aytishicha, u ortiqcha sarf-xarajat qilmay, kamtarona maoshi bilan xayriya uchun bunday katta mablag‘ to‘play olgan.  

Ta'kidlanishicha, ayol eshitish qobiliyati yomonlashganda ham o‘ziga eshitish qurilmasini sotib olishni lozim topmagan. U o‘ziga kam kiyim sotib olgan va turmush o‘rtog‘i vafotidan keyin ta'tilga bormay qo‘ygan. Ayolning farzandlari bo‘lmagan.

Muallimaning tanishi Richard Yablonskining aytishicha, ayol tejamkorligining siri, ehtimol, uning yoshligi ko‘plab amerikaliklar nochorlikda yashab, tejamkorlik qilishga majbur bo‘lgan Buyuk tushkunlik vaqtiga to‘g‘ri kelgani bilan bog‘langan bo‘lishi mumkin. 

Top