02:19 / 20.06.2018
17038

Merosxo‘rni tarbiyalash. Uorren Baffett farzandlarni qanday tarbiyalash kerakligini gapirib berdi

Uorren Baffett deyarli 90 yoshda. Milliarderning bolalarni to‘g‘ri tarbiyalash haqida shaxsiy fikri mavjud.

30 mayda San-Fransiskoda bo‘lib o‘tgan «Forbes 400» sammitida xayriya masalalari muhokama qilingan. Unda sarmoyador va filantrop Uorren Baffett so‘zga chiqdi. U sammit mehmonlariga muhtojlarga yordam berish qay darajada muhim ekanini gapirib bergan. Xayriya qilish bo‘yicha afsonaga aylangan Uorren Baffett avgust oyida 88 yoshga to‘ladi. U hayotiga Qo‘shma Shtatlarning uchdan bir qism tarixi to‘g‘ri kelishini aytgan. Milliarder uning uch nafar farzandi otalarining ishini munosib davom ettirishlari haqida fikr yuritgan.

Foto: Reuters

Filantropning nutqidan to‘qson yillik hayoti davomida qo‘lga kiritilgan qimmatli maslahat va donishmandlikni o‘rganish mumkin.

Bolalarga o‘zi qiziqqan narsa bilan shug‘ullanishga ruxsat bering. Ko‘pincha ota-onalar farzandlarini ularga to‘g‘ri kelmaydigan kasbni tanlashga majbur qilishadi. Baffett bundan yondashuvdan qat'iy ogohlantiradi: «Men ko‘pchilik o‘z farzandini boshqarayotganini ko‘rganman, pul yordamida bolani nimagadir majbur qilishdan yomoni yo‘q». O‘z farzandlarimga istagan narsalari bilan shug‘ullanishlari mumkinligini aytganman: kollejni tamomlash, shifokor yoki huquqshunos bo‘lish. Ularni o‘zlaridagi qobiliyatlarini atrofdagi olamni yaxshilash uchun qo‘llashga chaqirganman.

Milliarderning o‘g‘li Piter – musiqachi va yozuvchi. U «Emmi» telemukofotiga sazovor bo‘lgan. Yana bir o‘g‘li Govard esa fermerlik bilan shug‘ullanadi. Omaxada istiqomat qiladigan qizi Syuzi esa hayotini xayriya ishlariga bag‘ishlagan.

Vasiyatni sir tutmang. Ko‘p ota-onalar tirikligi vaqtida vasiyati mazmunini merosxo‘rlariga aytmaydi. Nebraskalik filantrop bunday qilmaslikni maslahat bergan va bolalarning fikrini bilmay turib, vasiyatni amalga oshirmasligini aytadi: «Ular ikki narsani hal etishlari kerak: birinchidan, ular o‘z majburiyatlarini tushunishadimi, ikkinchidan esa ular vasiyat shartlarini adolatli deb hisoblaydilarmi». Oddiy qilib aytganda, ularni o‘limga qadar tushunmovchilikda qoldirishning nima keragi bor?

Bolalarni xayriya ishlari bilan birgalikda shug‘ullanishga majbur qilmang. Bill va Melinda Geyts bilan birgalikda Uorren Baffett theGivingPledge kompaniyasiga asos soldi. U o‘ziga to‘q odamlarni o‘z boyligining katta qismini xayriya qilishga chaqiradi. Afsonaviy investor o‘zining deyarli 82,9 millard dollarini xayriya tashabbuslari, jumladan o‘z farzandlarining loyihalariga berishni va'da bergan. Ikki o‘g‘li va qizi ham o‘zining shaxsiy xayriya fondlariga ega: Howard G. Buffett Foundation, Sherwood  Foundation, NoVo Foundation. Har uch fond uchun otalari har yili BerkshireHathaway qimmatli qog‘ozlari bilan xayriya qiladi. Milliarder farzandlarining fondlari alohida bo‘lgani uchun ular o‘rtasidagi ahillikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi: «Ularni bitta qayiqqa o‘tkazishning keragi yo‘q».

Foto: Reuters

Milliarderning farzandlari fondlari xayriyaning turli sohalariga asoslanadi. Investorning aytishicha, u aynan shunga umid qilgan. Govardning fondi sayyoraning eng qashshoq qismlarida hayot darajasini oshirish, Syuzi tashkiloti oilaning tug‘ilib o‘sgan shtati Nebraskada tenglik va ijtimoiy adolat g‘oyalarini ilgari suradi. Piter fondi esa butun dunyoda ayollarning jamiyat hayoti va biznesdagi o‘rnini yaxshilashga harakat qiladi.

Ba'zida meros juda ko‘p bo‘ladi. Forbes reytingiga ko‘ra, bugun Baffett dunyodagi to‘rtinchi badavlat odam sanaladi. U farzandlariga qancha ajratishini ma'lum qilmaydi, biroq agar shaxsiy maslahatlariga amal qilsa, bu uning ulkan boyligining nisbatan katta bo‘lmagan qismi bo‘ladi. Milliarder «bolalarga sevimli ishlari bilan shug‘ullanish uchun yetarli, biroq bekorchilik botqog‘iga tushib qolmaslik uchun yetarli bo‘lmagan pul mablag‘ini qoldirish»ni tavsiya etadi.

Top