00:50 / 30.06.2018
39125

Ortiqcha vazn to‘plamaslikka doir tavsiyalar - Rossiyalik shifokor-diyetolog KUN.UZ uchun maxsus

Bugungi kunda sog‘lom hayot tarzi (SHT)ga qiziqish bildirayotganlar soni tobora oshib bormoqda. Avvallari bunga bee'tibor bo‘lgan kishilar bugun zamona zayli bilan SHT qoidalariga rioya qilib, o‘zlarini yanada tetik va sog‘lom, shu bilan birga sarvqomat his qilishdan mamnunlikni tuyishmoqda. SHTni kimdir parhezda deb bilsa, yana kimdir bunga faqat  muntazam jismoniy mashqlarni bajarish natijasida erishish mumkin deb hisoblaydi. Kimlardir ovqatdan hech tiyila olmaydi, jismoniy mashqlarga esa yo xohishi, yoki vaqti yo‘q.

Nazvaniye

KUN.UZ muxbiri SHT targ‘ibotchisi NovatioGroup tomonidan O‘zbekistonga taklif qilingan rossiyalik shifokor-endokrinolog, diyetolog, RightDiet onlayn tizimi asoschisi, qator xorijiy mamlakatlardagi SHT tadbirlarining doimiy ishtirokchisi Vadim Krilov bilan shu mavzuda suhbatlashib, ortiqcha vazn to‘plamaslikka doir tavsiyalari bilan bo‘lishdi. Ularga amal qilish uchun esa eng avvalo sizning vazningiz me'yordami yoki yo‘q, bilib olishingiz kerak.

Bo‘y va vazn mutanosibligi qanday o‘lchanadi?

Foto: dietolog.org

Vadim Krilov bo‘y va vaznning to‘g‘ri mutanosibligini aniqlash bo‘yicha so‘nggi ma'lumotlarini taqdim etdi. Unga ko‘ra, vazn ikki marta bo‘y ko‘rsatkichiga bo‘linadi. Masalan: vazn - 54 kg, bo‘y - 1.70 m bo‘lsa, 54:1,7:1,7=18,6 ko‘rinishida hisoblanadi. Javoblar 18-25 oralig‘ida bo‘lsa, me'yor hisoblanadi. Undan ko‘pi - ko‘p, kami esa - kam. 

Demak, ko‘rsatkichi 25 dan yuqori chiqqan kishilar ovqatdan tiyilmay, ortiqcha vazn to‘plamasliklari uchun shifokor, diyetologning quyidagi tavsiyalariga amal qilishlari kerak bo‘ladi:

Gazli ichimliklar va shirin sharbatlardan voz keching

Foto: PA

Gazli ichimliklar va shirin sharbatlardan voz keching, uy sharoitida tayyorlangan sharbatlar ham shular jumlasidandir. Ularning o‘rniga yaxshisi choy yoki qahva ichganingiz ma'qul, bu ichimliklarga 1-2 choy qoshiq shakar qo‘shishingiz ham mumkin.

Qovurilgan taomlarni iste'mol qilmang

Foto:wallpapercave.com

Imkon qadar yog‘ qo‘shilmagan taomlarni iste'mol qilishga harakat qiling. Pech, bug‘, gril, qo‘rada tayyorlangan taomlar ayni muddaodir, chunki qovurilgan taomlarda ortiqcha vazn to‘plash xavfi 2-3 baravarga ko‘payadi. Salatga yog‘ qo‘shgan taqdiringizda ham, zaytun yog‘i - eng optimal variant.

Idishingizni kichraytiring

Taom iste'mol qilinadigan idishingiz (kosa, likopcha, lagan) hajmini kichraytiring. Shunda ko‘p ovqat yeyishning oldini olgan bo‘lasiz.

Piyoda yuring

Foto:polymia.by

Jismoniy mashqlarni bajarishga erinsangiz, piyoda yuring. Jamoatchilik transporti yoki avtomobildan 1-2 bekat avval tushib, uyingizgacha piyoda yurib keling.

Hayotdan zavq olib yashashga odatlaning

Hayotdan zavqlanib yashang, shaxs sifatida rivojlaning, to‘laqonli hayot kechiring, yangidan-yangi bilimlarga ega bo‘ling, qulaylik zonasidan tashqariga chiqing, shundagina o‘zingizning oldingizga qo‘ygan maqsadlaringizga erishasiz.

Top