22:20 / 31.07.2018
51528

Qibray tumanining uzoq yillik hokimi ishdan ketgan. Tumanga yangi rahbar tayinlandi

Toshkent viloyati Qibray tumaniga 2009 yildan buyon hokimlik qilib kelgan Nig‘mat Isroilovich Muhamedov ishdan olindi. 

27 iyul kuni Shavkat Mirziyoyev raisligida jinoyatchilikning oldini olish, davlat idoralari va jamiyatning bu boradagi mas'uliyatini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Qibray tumani hokimi, uning o‘rinbosarlari, tuman prokurori, tuman IIB rahbari, tuman xotin-qizlar qo‘mitasi raisi va «Mahalla» jamg‘armasi tuman bo‘limi rahbarini lavozimdan ozod etishga ko‘rsatma bergandi.

«Kun.uz» manbasi xabar berishicha, endilikda tumanga Olmaliq shahriga hokimlik qilib kelayotgan Miragzam Mirqosimov yangi rahbar etib tayinlangan.

U Toshkent viloyati hokimining 2018 yil 30 iyuldagi 604-sonli qaroriga asosan, O‘zbekiston Respublikasining «Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi Qonunning 2-moddasiga muvofiq, 2018 yil 31 iyuldan Xalq deputatlari Qibray tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Qibray tumani hokimi lavozimiga tayinlandi.

Foto: Miragzam Mirqosimov

Miragzam Mirozodovich Mirqosimov 1975 yilda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tug‘ilgan. Millati o‘zbek. Ma'lumoti oliy.

U 1997 yil Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini (kunduzgi), 2008 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini bitirgan.

U 2011-2013 yillarda Shayxontohur tumani hokimining kommunal ho‘jalikni rivojlantirish, kommunikatsiyalar va obodonlashtirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan, keyinchalik Yunusobod tumaniga hokimlik qilgan.

Miragzam Mirqosimov 2017 yilning martida Toshkent shahrining Yunusobod tumani hokimligidan olingan, avgust oyida Olmaliq shahriga rahbar qilingandi.

Mavzuga oid
Top