21:30 / 31.08.2018
23744

Osiyo o‘yinlarida kun yakunlari. Oltinsiz kun

Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida bo‘lib o‘tayotgan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlarining 31 avgust kunidan o‘rin olgan musobaqalarida o‘zbekistonlik 22 nafar sportchi yakkalik va jamoa holda 7 sport turi bo‘yicha bahslarda qatnashishdi.

O‘yinlarning o‘n uchinchi kunida O‘zbekiston vakillari oltin olisholmadi va 4 medal bilan kifoyalanishdi.

Baydarka va kanoeda eshkak eshish
200 metr masofaga bahslarning saralashida startga chiqqan Dilnoza Rahmatova o‘z guruhida eng yaxshi natijani (50.860) qayd etdi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri finalga yo‘l oldi.

Olga Umaraliyeva 200 metr (K1) masofaga bo‘lgan bahslarda qatnashdi va o‘z guruhida uchinchi natijani (43.791) qayd etib, finalga chiqdi.

200 metrga juftlik bahslarida ishtirok etgan Artur Guliyev/Elyorjon Mamadaliyev tandemi o‘z guruhida eng yaxshi natijani (38.084) ko‘rsatdi va finalga yo‘l oldi.

Eshkak eshish bahslarida finallar ertaga o‘tkaziladi. Bugun saralash bahslarida eshkak eshuvchilarning barchasi finalga yo‘l olishdi.

Sambo
Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston sambo jamoasi ikki medal oldi.

O‘zbekiston jamoasining -48 kg vazn toifasida turnirga tashrif buyurgan vakillari Nodira Gulova hamda Madina Turg‘unboyeva bronza medal uchun o‘zaro gilamga chiqdi. Ikki o‘zbekistonlik sportchi o‘rtasidagi bahsda Nodira Gulovaning 3:0 hisobidagi g‘alabasi qayd etildi va u Osiyo o‘yinlari bronza medali sovrindoriga aylandi.

-52 vazn toifasidagi Ahmad Rahmatulloyev esa bronza uchun tojikistonlik Jomi Hasaniy bilan kurashdi va 2:0 hisobidagi g‘alabaga erishib, Osiyo o‘yinlari sovrindoriga aylandi.

O‘zbekiston sharafini -52 kg vazn toifasida himoya qilgan yana bir sambochi Islom Ahmedjanov esa bronza medal uchun qozog‘istonlik Beymbet Kanjanov bilan bellashdi va 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.

Triatlon
O‘zbekiston vakili Alina Hakimova o‘z ishtirokini yakunlay olmadi - u finalga qadar yetib bora olmadi.

Suvga sakrash
3 metrdan sakrashda saralashdan o‘tgan Doston Botirov finalda 12 sportchi orasida 10-o‘rinni egalladi.

Velosport-trek
Andrey Izmaylov va Murodjon Xolmuratovdan iborat jamoa finalda 12 jamoa ichida beshinchi natijani qayd etishdi.

Boks
O‘zbekiston boks jamoasining 7 vakili yarim final bahslarida ishtirok etdi va ularning barchasi o‘z janglarida g‘alaba qozonib, finalga chiqdi.

Dastlab -52 kg vazn toifasidagi Jasurbek Latipov ringga ko‘tarilib, qirg‘izistonlik kuchli raqib Azat Usenaliyevni taslim etdi.

U endi filippinlik Ladon Rogenga qarshi oltin medal uchun ringga chiqadi.

-60 kg vazn toifasida ringga chiqqan Shunqor Abdurasulov tailandlik Juntrong Rujakranga imkoniyat qoldirmadi - 5:0.

Endi uning finalda mo‘g‘ulistonlik Erdenebat Tsendbattarga qarshi jang qiladi.

-69 kg vazn toifasida ringga chiqqan Bobousmon Baturov tailandlik Saylom Adini taslim etdi - 4:1.

Uning finaldagi raqibi qozog‘istonlik Aslanbek Shimbergenov bo‘ladi.

-49 kg vazn toifasida Hasanboy Do‘smatov yarim finalda xitoylik Vu Jonglin ustidan ishonchli g‘alabaga erishdi - 5:0.

Unga finalda hindistonlik bokschi Amit raqiblik qiladi

-56 kg vazn toifasidagi Miraziz Mirzaxalilov yarim finalda Amoragam Sunan Agung to‘sig‘idan o‘tdi - 5:0.

Uning finaldagi raqibi shimoliy koreyalik Jo Xyo Nam bo‘ladi.

-64 kg vazn toifasidagi Iqboljon Xoldorov yarim finalda yaponiyalik Daysuki Narimatsuga qarshi ringga ko‘tarilib, 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

U endi finalda mo‘g‘ulistonlik Chinzorig Batarsuk bilan jang qiladi.

-75 kg vazn toifasidagi Isroil Madrimov filippinlik Marsial Feliksga qarshi og‘ir jangda g‘alabani o‘ziniki qildi - 3:2.

Endi u finalda qozog‘istonlik Abilxan Amanqul bilan oltin medal uchun bahs olib boradi.

Qayd etish kerakki, finalda O‘zbekistondan 7, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistondan 2, Hindiston, Filippin va KXDRdan bir nafardan vakil bo‘ladi.

Dzyudo
Bugun O‘zbekiston dzyudo jamoasi ham ikkita bronza medalga ega chiqdi.

-100 kg vazn toifasidagi bahslarda ishtirok etgan Sherali Jo‘rayev bronza medal uchun bahsda Birlashgan Arab Amirliklari vakili Ivan Remarenkoga qarshi gilamga chiqdi va ippon bahosi bilan g‘alaba qozonib, Osiyo o‘yinlari sovrindoriga aylandi.

Sherali Jo‘rayev ilk jangida nepallik raqibidan ustun keldi, ammo u ham chorak finalda mo‘g‘ulistonlik Lxagvasuren Otgonbatarga yengildi. Shundan so‘ng bronza medal uchun bahslarda ishtirok etgan Jo‘rayev turkmanistonlik Batir Xojamuxamedovni mag‘lub etib, bronza uchun jang qiladigan bo‘ldi.

+100 kg vazn toifasidagi Bekmurod Oltiboyev bronza medal uchun gilamga chiqib, eronlik Javod Mahjudni vazari bahosi bilan mag‘lub etdi.

Bekmurod Oltiboyev ishtirokini chorak finaldan boshlab, ilk jangdayoq yaponiyalik Takeshi Ojitaniga yutqazdi. Shundan so‘ng bronza medal uchun o‘tish bahsida gilamga chiqqan Oltiboyev xitoylik Yin Yongiyega qarshi gilamga chiqib, ippon bahosi bilan g‘alabaga erishdi va bronza uchun gilamga chiqish huquqini qo‘lga kiritdi. 

Bugungi bahslarda ishtirok etgan o‘zbekistonliklarning yana ikki nafari bronza uchun bahslarda yutqazdi. -78 kg vazn toifasidagi Nodira Yo‘ldosheva bronza medal uchun tailandlik Ikumi Oyedaga qarshi gilamga chiqib, mag‘lub bo‘ldi. -90 kg vazn toifasidagi Shahzodbek Sabirov esa medal uchun bahsda yaponiyalik Baker Mashuga yutqazdi. 

Bugungi bahslardan keyin O‘zbekiston delegatsiyasi hisobidagi bronza medallar soni 23taga yetdi. O‘zbekiston umumiy reytingda 57 medal bilan (15 oltin, 19 kumush va 23 bronza) yettinchi o‘rinda qolmoqda.

Mavzuga oid
Top