15:43 / 06.10.2018
35353

Toshkentda tungi poygachilar guruhi qo‘lga olindi

Foto: IIB Matbuot xizmati

Toshkent ShIIBB Sergeli tumanida tungi vaqtda poyga o‘tkazish bilan shug‘ullangan haydovchilarning shaxsini aniqladi, deb xabar berdi boshqarma matbuot xizmati.

“Poytaxtning boshqa tumanlarida yashovchi bu shaxslar (uchtasi Shayxontohur va bittasi Uchtepa tumanida istiqomat qiladi) bunday bema'ni harakatlarini o‘zlari yashaydigan hududda emas, hech kim tanimaydi degan ishonchda boshqa tumanga kelib amalga oshirishgan”, – deyiladi xabarda.

Ammo fuqarolarning taqdim etgan videoyozuvlari asosida Toshkent ShIIBB YHXB xodimlari tungi “ermak”da ishtirok etganlarning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

“Spark” avtomobili haydovchisi 23 yoshli Abduvohid Sh. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 129-moddasiga muvofiq (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi) eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida jarimaga tortildi.

“Matiz” haydovchisi 20 yoshli Islomjon N. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 129-moddasiga muvofiq (Transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish) eng kam ish haqining 2 baravari miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi.

“Neksiya” avtomobili haydovchisi 30 yoshli Sultonmurod Sh. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 135-moddasida ko‘zda tutilgan qoidabuzarlikni sodir etgani uchun (Yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo‘lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarishi) eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida jarimaga tortildi.

“Lasetti» haydovchisi 24 yoshli Qudrat V. Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 129-moddasiga muvofiq (Transport vositalari haydovchilarining yo‘l harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi guruh bo‘lib harakat qilishda qatnashishi) eng kam ish haqining 3 baravari miqdorida jarima to‘laydigan bo‘ldi. 

Bundan tashqari, ularning barchasi ma'muriy ishlar bo‘yicha Sergeli tuman sudi tomonidan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 183-moddasida ko‘zda tutilgan qoidabuzarlikni sodir etishda aybdor deb topildi (Mayda bezorilik) va ularga 3 sutkadan ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Top