19:20 / 14.10.2018
75208

Shavkat Mirziyoyev tashrifidan keyin Toshkent viloyatining 5 ta tumani hokimlari maoshdan mahrum qilindi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent viloyatiga tashrifi yakunida viloyatdagi 5 tuman hokimi ikki oylik maoshidan mahrum qilingan. Bu haqdagi ma'lumotni «Kun.uz» manbalari tasdiqlashdi.

Shavkat Mirziyoyev 12 oktabr kuni Toshkent viloyatiga tashrifi davomida Bo‘ka tumani hududidagi «Valixon ota» fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, paxta terimini ko‘zdan kechirgandi. Prezident shu yerda viloyat fermerlari va qishloq xo‘jaligi mutasaddilari bilan suhbatlashgan.

Muloqotda fermerlarga o‘z mehnati samarasini ko‘rish vaqti kelgani, hosilni yog‘inli kunlarga qoldirmay yig‘ib olish zarurligi ta'kidlangandi.

Prezident tashrifi davomida qator kamchiliklar aniqlangan. Ayrim davlat amaldorlarining faoliyati tanqidga uchragan.

13 oktabr kuni Toshkent viloyati hokimi farmoyishi asosida 5ta tuman hokimi - Bo‘ka (No‘monali Izbosarov), Pskent (Shuhrat Ahmedov ), Bekobod (Ne'mat Abdullayev, u shu yilning 25 sentabrida tumanning yangi hokimi sifatida ish boshlagan), Yangiyo‘l (Abduqahhor To‘xtaboyev) va Chinoz  tumanlari hokimlari ikki oylik maoshlaridan mahrum qilingan. Manba ma'lumotiga ko‘ra, bunday qaror hokimlar paxta xomashyosini yig‘ib olish ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘yishgani uchun qabul qilingan.

Bundan tashqari, hokimlar agar vaziyat tuzatilmasa, ishdan olinishi mumkinligi haqida ham ogohlantirilgan.

Mavzu
Paxta-2018
O‘zbekistonda 2018 yilgi paxta terimi mavsumi bo‘lib o‘tmoqda
Barchasi
Top