15:23 / 16.10.2018
14437

“O‘zbekiston-Rossiya ta'lim forumi”da 100dan ortiq shartnomalar imzolanishi rejalashtirilgan 

O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida oliy ta'lim tizimidagi o‘zaro strategik hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasining qator yetakchi oliy ta'lim muassasalari tashabbusi bilan ilk marotaba “O‘zbekiston-Rossiya ta'lim forumi” o‘tkazilmoqda. 

Xalqaro forum shu yilning 18 oktabr kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tib, unda ikki davlat prezidentlari administratsiyalari, hukumat rahbarlari, O‘zbekiston oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri va Rossiya Federatsiyasini ta'lim va fan vaziri hamda Rossiyaning 80dan ortiq nufuzli oliy ta'lim muassasalari rektorlari ishtirok etadi.
  
Xalqaro forumning maqsadi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida zamonaviy yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot sohasida o‘zaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat. 

Birinchi marta o‘tkazilayotgan “O‘zbekiston-Rossiya ta'lim forumi”da O‘zbekiston va Rossiya oliy ta'lim muassasalari rektorlari o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish barobarida dolzarb vazifa va masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va ochiq muloqotda birgalikda muhokama qilishadi. 

Mazkur nufuzli anjumanda Rossiyaning yetakchi oliy ta'lim muassasalari bilan qo‘shma diplomlar «Double degree» dasturlari asosida talabalarni o‘qitish, fakultet va kafedralar filiallarini tashkil qilish, o‘qituvchilar malakasini oshirish, maqsadli ilmiy izlanishlar olib borish, o‘quv va ilmiy adabiyotlar almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish uchun zamin yaratiladi.

Xalqaro forum doirasida Rossiyaning nufuzli oliy ta'lim muassasalari va respublikamizdagi oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida malakali mutaxassislarni hamkorlikda tayyorlash maqsadida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha 100 dan ortiq shartnomalar imzolanishi rejalashtirilmoqda. 

“O‘zbekiston-Rossiya ta'lim forumi”ning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi natijasida:
  
Rossiya Federatsiyasidagi nufuzli oliy ta'lim muassasalarining yurtimizda filiallarini tashkil etish, ikki davlat oliy ta'lim muassasalari o‘rtasida akademik tayyorgarlik, qo‘shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish, talabalarning ilmiy va innovatsion forumlarini o‘tkazish, birgalikda ilmiy tadqiqotlar  va boshqa tadbirlarni olib borish borasida kelishuvlarga erishildi;
  
kelishuvga erishilgan yangi filial va qo‘shma dasturlarda iqtisodiyotning real sektorlarida ehtiyoj mavjud bo‘lgan kadrlar xalqaro standartlar asosida tayyorlanadi;

ikki davlat oliy ta'lim muassasalari uchun muloqot kanali  tashkil etilib, kelgusida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va kelishuvga erishish uchun imkoniyat yaratildi. 

Top