11:50 / 27.10.2018
28070

Jamol Qoshiqchining qallig‘i Tramp bilan uchrashishdan bosh tortdi

Foto: Habertürk

Saudiya Arabistonining Istanbuldagi konsulligida o‘ldirilgan jurnalist Jamol Qoshiqchining qallig‘i Hadicha Dengiz AQSh prezidenti Donald Trampning Oq uyga kelish taklifini nosamimiylik deb, rad etdi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi. 

“Men AQSh prezidentining Oq uyga kelish taklifini qabul qilmadim, chunki bu taklif jamoatchilik fikrini u tomonga o‘zgartirishga qaratilgan. AQSh Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi bo‘yicha qarorlarida samimiy bo‘lmaguncha AQShga bormayman”, deb aytgan Dengiz Habertürk telekanaliga bergan intervyusida. U adolatli tergov va barcha aybdorlarning jazolanishini talab qilgan.

Dengiz o‘z intervyusida Qoshiqchi bilan konsullikka borib, uni oxirgi marta ko‘rgan kuni haqida gapirib bergan. Ayolning aytishicha, Qoshiqchi Saudiya Arabistoni konsulligiga borish oldidan xavotirda bo‘lmagan, chunki u 28 sentabrda konsullikka borgan va u yerda u bilan yaxshi muomalada bo‘lishgan.

Qoshiqchi konsullikka kirishi oldidan qallig‘iga “Ko‘rishamiz” deb aytgan. U konsullikdan chiqavermagach, ayolga shunchaki suhbat bo‘layotgani, “diplomatlar Qoshiqchining vatanidan ketgandan keyingi hayoti bilan qiziqishayotgan bo‘lsa kerak”, degan o‘y kelgan.

Biroq ayolda 5 soat o‘tgach, ya'ni 16:00da biror kor-hol yuz bergani mumkinligidan tashvish paydo bo‘lgan. U konsullik qo‘riqchilaridan qallig‘i qayerdaligini so‘raganda, qo‘riqchilar konsullikdagi ish soati 15:30da yakunlangani va binoda hech kim yo‘qligini aytishgan. “Shundan keyin meni qo‘rquv qamrab oldi”, deb aytgan Dengiz.

Ayolning aytishicha, Qoshiqchi agar uzoq qolib ketsa, biror kimga qo‘ng‘iroq qilishni aytmagan. Biroq bu voqeadan sal avvalroq u betob bo‘lib, ko‘p vaqt shifoxonada o‘tkazganda  Dengiz qallig‘idan biror kor-hol yuz bersa kimga qo‘ng‘iroq qilishni so‘ragan. Shunda jurnalist qallig‘iga o‘zining eski do‘sti, Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning maslahatchisi Yasin Aqtayning telefonini bergan.

Mavzu
Jamol Qoshiqchining o‘limi
The Washington Post nashri uchun ishlaydigan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirib ketgach, izsiz yo‘qoldi
Barchasi
Top