00:55 / 30.10.2018
22233

O‘zbekistonda «Muruvvat kuni» belgilandi

Oramizda shunday insonlar bor: ular gapirish, ko‘rish va eshitish ne'matidan bebahra. Lekin ularning mehrga to‘la qalblari bor. Qo‘llari har doim duoda, tili kalimada. Aslida nogironligi bor insonlar emas ular. Bizningcha, nogiron inson deb qalb ko‘zi ko‘r, lekin to‘rt muchasi sog‘ insonlarni aytish to‘g‘riroq bo‘ladi. Nogironligi bo‘lsa-da, hayotga muhabbati, Haqni tanishga bo‘lgan ishtiyoqi, mehrga to‘la qalbi ko‘pchiligimizga ibrat namunasi bo‘lishga arziydi. Ularni hazrati inson deyishadi.

Video: youtube.com

Video: Mover.uz (Tas-IX)

Poytaxtimizdagi Shayx Zayniddin jome masjidida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz o‘rtasida ochiq muloqot tashkil etildi.

Davra suhbatida so‘z olganlar bugungi kunda mamlakatimizda din sohasida olib borilayotgan islohotlar, o‘zgarishlar hamda yaratilayotgan qulayliklar haqida gapirib o‘tishdi.

Shundan so‘ng davra suhbatiga taklif etilgan jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarimizning fikr-mulohazalari va takliflari tinglandi.

Endilikda nogironligi bor fuqarolarimiz uchun dinni mukammal o‘rganishda turli audio materiallar va maxsus kitoblar tayyorlash sohasini rivojlantirish, masjidlarimizda ularga islom dinidan yetarlicha bilim berilishini ta'minlash hamda ularga bir qator qulayliklar yaratish bo‘yicha rejalar kelishib olindi.

Shuningdek, ochiq muloqot tarzida o‘tgan davra suhbatida muborak Haj va Umra safarlari uchun jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarimizga kvotalar ajratish masalasi o‘rtaga tashlanib, muhokama qilindi.

Qolaversa, bundan buyog‘iga har oyning birinchi yakshanbasi “Muruvvat kuni” sifatida belgilanib, bu kunda jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarimiz bilan doimiy uchrashuvlar tashkil etilishi yo‘lga qo‘yiladigan bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top