16:39 / 05.11.2018
16279

Jarqo‘rg‘onlik ayol chaqalog‘ini 7,5 mln so‘mga sotmoqchi bo‘ldi

Illyustrativ foto

Nargiza (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) Bahodir bilan tasodifan tanishib qoladi. Bu tanishuv ularni asta-sekin bir-biriga yaqinlashtiradi. Oradan ikki oy o‘tgach, Nargiza o‘zining homilador bo‘lib qolganini sezib qoldi. Bahodir esa, avvaliga tez orada uylanishga uni ishontirib, qop-qop va'dalar beradi, ammo Nargizaning oy-kuni yaqinlashgach, qorasini ham ko‘rsatmay qo‘yadi.

Arosatda qolgan qiz yaqinlari va mahalla-ko‘y oldida isnodga qolishdan qo‘rqib, qanday bo‘lmasin, tug‘ilajak farzandini yo‘qotish payida bo‘ladi. Bu haqda yaqin tanishlaridan biri Gulmiraga aytadi. O‘z navbatida, Gulmira bola tug‘ilgach, uni sotishni, buning evaziga ikkalasi ham mo‘maygina daromadga ega bo‘lishini aytadi. 

Shundan so‘ng Gulmira tez orada chaqaloqqa xaridor ham topadi. Gulmira yaqin qarindoshlaridan biri bo‘lgan Lola ismli juvonga chaqaloq tug‘ilgach, uni 7 million 500 ming so‘mga sotishga o‘zaro kelishadi.

Nargiza farzandini o‘zining familiyasiga rasmiylashtirib, tug‘ruqxonadan chiqqach, oldindan kelishilgan joy — Jarqo‘rg‘on tumanidagi oshxonalardan birida "maxsus xaridor" L. Shermatovaga qizaloqni 7 million 500 ming so‘mga sotib, unga nisbatan hech qanday da'vosi yo‘q ekanligi haqida tilxat yozib berayotgan paytda huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari tomonidan jinoyat ustida qo‘lga olindi.

Sud ushbu jinoyat ishini batafsil o‘rganib chiqdi va N. Boymurodovaning jinoiy qilmishlarini muhokama etib, uning yoshi va shaxsini, jinoyat sodir etgandan keyingi hulqini, ayolligini, sodir etgan harakatlarining oqibatini to‘liq anglab yetganligi haqidagi bayonotlarini, oilaviy va moddiy sharoitini hamda ishdan boshqa holatlarni e'tiborga olib, tayinlangan jazoni o‘tamasdan turib ham, uning xulqini nazorat qilish mumkin, degan xulosaga keldi. 

Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 72-moddasini qo‘llab, tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosini shartli deb hisoblagan holda ikki yil sinov muddati belgilandi.

Yashin NIYoZOV,
jinoyat ishlari bo‘yicha Qumqo‘rg‘on tumani  sudining raisi.

Top