21:45 / 09.11.2018
4830

Novak Jokovich yil tennischisi deb topildi

Foto: Panoramic/ZUMAPRESS.com/Global Look Press

Professional tennischilar uyushmasi (ATP) serbiyalik tennischi Novak Jokovichni yil tennischisi deb topdi. Unga, shuningdek, “Yil qaytishi” mukofoti berilgan.

Tirsagida operatsiyani o‘tkazgan Jokovich 2018 yil iyunda reytingning 22-o‘riniga qaytdi. Mavsum oxiriga kelib esa u 1-pog‘onaga ko‘tarilib oldi. Unga bunday natijaga erishishda yordam bergan murabbiyi Marian Vayda esa yil murabbiyi deb topildi.

Joriy mavsumda 31 yoshli tennischi 60 ta uchrashuvdan 49 tasida g‘alabaga erishgan.

E'tiborlisi, 31 oktabrda Jokovich portugaliyalik Joao Souzuga qarshi o‘yinda tobi qochgan muxlisga yordam ko‘rsatdi. Uchrashuv to‘xtatilib, sportchi tobi qochgan muxlis yoniga borib, uning holi bilan qiziqqan va unga o‘z sochig‘ini hadya qilgan. Shundan keyin o‘yin davom ettirilgandi. 

Jokovich professional tennischi maqomini 2003 yilda olgan. U “Masters” seriyasidagi barcha 9 ta musobaqada g‘alaba qozongan tarixdagi birinchi tennischi, 2018 yil sentabr holatiga ko‘ra, olingan mukofot pullari umumiy qiymatiga bo‘yicha rekordchi hisoblanadi. 5 marta dunyoning birinchi raqamli tennischisi bo‘lishga muvaffaq bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top