15:27 / 13.11.2018
24457

Erdo‘g‘an Qoshiqchi ishi bo‘yicha yangi tafsilotlarni ma'lum qildi

Foto: Tumay Berkin/Reuters

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning ma'lum qilishicha, turk hukumati Saudiya Arabistoni, AQSh, Fransiya, Kanada, Germaniya va Buyuk Britaniyaga saudiyalik muxolif jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi yozib olingan audioyozuvni taqdim etgan. Bu haqda Hurriyet Daily News nashri xabar qilmoqda.

«Kim so‘ragan bo‘lsa, ularning bari bu qotillik audioyozuvini tinglashdi. Bizning razvedka tashkilotimiz hech narsani yashirmadi. Yozuv - haqiqiy fojia. Hatto Saudiya razvedkasi xodimi ham bu yozuvni tinglaganida dahshatga tushdi. U yigit, katta ehtimol bilan, geroin iste'mol qilganini aytdi, sababi faqatgina geroindagi odam shunday ishni qilishi mumkin», - dedi Erdo‘g‘an jurnalistlarga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiya Saudiya tomoni ushbu jinoyatga oydinlik kiritishini «sabr-toqat bilan kutmoqda».
 
Erdo‘g‘anning qo‘shimcha qilishicha, jinoyatga aloqadorlar orasida saudiyalik 18 nafar yuqori mansabli amaldor bor, ular jurnalist o‘ldirilgan kuni atayin Istanbulga yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada bosh vaziri Qoshiqchi ishi bo‘yicha audioyozuvlar borligini tasdiqlagandi.

Mavzu
Jamol Qoshiqchining o‘limi
The Washington Post nashri uchun ishlaydigan jurnalist Jamol Qoshiqchi 2 oktabr kuni Saudiya Arabistonining Istanbuldagi bosh konsulligi binosiga kirib ketgach, izsiz yo‘qoldi
Barchasi
Top