09:52 / 19.11.2018
35279

Saratovdagi fojia. Rossiyalik deputat chaqiriq bilan chiqdi

Saratov oblastining Qozog‘iston bilan chegarasida avtobus ishtirokida yuz bergan yo‘l-transport hodisasidan so‘ng, chegaraga yaqin tumanlarda yo‘lovchilar tashish ustidan nazoratni kuchaytirish kerak, u yerda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari sonini oshirish zarur, deya hisoblaydi Saratov oblastidan RF Davlat dumasi deputati Nikolay Pankov.

Nikolay Pankov
Foto: Komsomolskaya pravda

Avvalroq, joriy yil 17 noyabr kuni Moskva vaqti bilan soat 12:00larda Saratov oblasti Ozinskiy rayoni hududidan o‘tuvchi «Saratov – Uralsk – Qozog‘iston» avtomobil yo‘lining 225-kilometrida temir yo‘l poyezdi kesishmasida yuk poyezdi va «Setra» rusumli avtobus ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgani xabar qilingandi.

Mazkur YTH natijasida avtobus salonida bo‘lgan 7 kishidan 5 nafari (O‘zbekiston fuqarolari) voqea joyida halok bo‘lgan, 2 nafari (Qozog‘iston fuqarolari) tan jarohati olgan.

Shuningdek, Rossiya politsiyasi Saratov oblastida poyezd bilan to‘qnashgan avtobus haydovchisi qo‘lga olingani va unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilganini xabar berdi. 

«O‘ylaymanki, fojianing sabablari haqidagi masalani ko‘tarish muhim. Ko‘p holatlarda chegaraoldi mamlakatlari bizning davlatimizga yo‘lovchi tashuvlari orqali pul ishlab, xavfsizlik choralarini yoddan ko‘tarmoqda. Fikrimcha, avtobus tashuvlari, ayniqsa, tranzitlar ustidan nazoratni kuchaytirish kerak», - deya yozgan Pankov o‘z Telegram-kanalida.

«Yo‘lovchilar xavfsizligi hisobidan pul tejab qolinmasligi, nosoz transport yo‘lga qo‘yilmasligi, professional bo‘lmagan yoki haddan tashqari ko‘p ishlaydigan, oqibatda safar davomida uxlab qolishi mumkin bo‘lgan haydovchilar yo‘lga chiqarilmasligi kerak. Balki, chegaraga yaqin hududlarda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari sonini ko‘paytirish, transport nazoratini kuchaytirish kerakdir. O‘z vakolatlarim doirasida bu boradagi ishlarga qo‘shilishga tayyorman», - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u.

Deputat halok bo‘lganlarning yaqinlariga ta'ziya bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saratovda poyezd va avtobus to‘qnashuvida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning shaxsi ma'lum qilingandi.

Top