11:04 / 24.11.2018
7015

Ramosning anti-doping qoidalarini buzgani haqida nimalar ma'lum?

Foto: Laurence Griffiths/Getty Images

«Real» o‘tgan yili jamoa sardori Serxio Ramosning YeChL finali oldidan topshirgan doping testi ijobiy natija ko‘rsatganini yashirishga uringan va buni muvaffaqiyatli uddalagan, deb xabar berdi Football Leaks. Ammo oradan ko‘p o‘tmay «Real» va UYeFA bayonot bilib chiqib, ushbu ma'lumotni rad etdi.

Xo‘sh, Football Leaks Ramos ishi bo‘yicha qaysi ma'lumotlarni oshkor qilgan edi?

Surishtiruv xulosalarini taqdim etib borayotgan Spiegel gazetasining yozishicha, 2017 yil 4 iyun kuni Avstriyaning Seybersdorf shahridagi doping laboratoriyasiga 3324822 raqami ostida tahlil namunasi yetib kelgan. Namuna «Real» himoyachisi Serxio Ramosga tegishli bo‘lib, YeChL finalidan bir kun oldin doping nazorati uchun olingan bo‘lgan. (Ma'lumot uchun, final o‘yini 3 iyunda o‘tkazilgan, unda «Real» «Yuventus»ni 4:1 hisobida mag‘lub etgandi).

Oradan bir oy o‘tib, 5 iyul kuni Seybersdorf laboratoriyasi UYeFAga hisob-ma'lumot yetkazib, ushbu biologik namunada deksametazon moddasi topilganini xabar qilgan. Ushbu modda yallig‘lanishga qarshi va og‘riq qoldiruvchi ta'sirga ega bo‘lib, ongni tiniqlashtirish, diqqatni jamlashni osonlashtirishga yordam beradi, shuningdek, odamni eyforiya holatiga ham tushirishi mumkin. Deksametazon Jahon Antidoping Agentligi (WADA)ning taqiqlangan moddalar ro‘yxatiga kiritilgan. 

Avstriyadan shu haqdagi ma'lumot olinganidan ikki kun o‘tib, UYeFAning antidoping bo‘linmasi vakili Ramos bilan bog‘lanib, bunga izoh so‘ragan. Serxio 10 iyul kuni javob xati yozib, unda UYeFA rasmiysini familiyasi bilan emas, ismi bilan atagan. Maktub bor-yo‘g‘i to‘rt qator gapdan iborat bo‘lib, asosan «Real» shifokori o‘yindan bir kun oldin u bilan muolaja o‘tkazgani, qolgan izohni klub shifokori berishi yozilgan edi.

Gap shundaki, Jahon Antidoping Agentligi deksametazonni sportchilarda qo‘llash bo‘yicha aniq qoidalarni belgilagan. Moddani o‘yinlardan oldin ishlatish mumkin, biroq uning qo‘llangani haqida jamoa shifokori doping-testi davomida tegishli shaxslarni xabardor qilishi shart. Agar shifokor bunday qilmasa va tahlil jarayonida sportchining qonidan ushbu modda topilsa, bu holat doping tekshiruvini o‘tkazishga asos bo‘ladi.

Ramos bilan bog‘liq vaziyatda ana shunday holat ro‘y bergan: 3324822 raqami bilan qayd qilingan tahlil namunasiga ilova qilingan ma'lumotnomada himoyachining so‘nggi 7 kun davomida qabul qilgan dori vositalari ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, ular orasida deksametazon qayd etilmagan. Ammo ro‘yxatda finaldan bir kun oldin boshqa bir dori – betametazon 1,2 ml.dan Serxioning yelka va tizza bo‘g‘imlariga shprits orqali yuborilgani yozilgan. «Real» shifokori ushbu blankani to‘ldirishda ta'siri va klassifikatsiyasi jihatdan o‘xshash ikki dori nomini chalkashtirib yuborgan, ya'ni deksametazon o‘rniga betametazon deb yozgan.

«Qirollik klubi» shifokori, Ispaniya regbi terma jamoasida ham ishlovchi A. ushbu vaziyatda barcha mas'uliyatni o‘z zimmasiga olgan. Travmatolog o‘z xatosini tan olib, voqea «inson omili» sabab ro‘y bergani, bunda Ramosning mutlaqo aybi yo‘qligini UYeFA vakillariga ma'lum qilgan. U tushuntirish xatida buni atayin qilish niyati bo‘lmaganini qo‘shimcha qilgan.

UYeFA antidoping ofitserlari mazkur holatda shifokorning bildirgisini to‘g‘ri qabul qilgan va soha «ekspertiga» murojaat qilgan. Mutaxassis deksametazonning 1,2 ml hajmdagi ikkita inektsiyasi futbolchining peshobida aniqlangan miqdorga teng deksametazon konsentratsiyasini keltirib chiqarishini tasdiqlagan.

Shu tariqa, UYeFA vakillari klubning tushuntirishini ham hisobga olib, ushbu ishni yopib yuborgan. «Kelgusida doping nazorati blankasini to‘ldirayotganda, ayniqsa dorilar deklaratsiyasini keltirishda siz va klubingiz shifokoriga o‘ta e'tiborli bo‘lishni so‘raymiz», - deyilgan UYeFAning «Real»ga maktubida.

Mavzuga oid
Top