22:27 / 26.11.2018
17795

Sooronboy Jeenbekovdan Xitoy lagerlarida ushlab turilgan qirg‘izlarning ozod etilishi so‘raldi

Foto: CFP

Xitoyda ushlanib, tarbiya lagerlariga yuborilayotgan qirg‘izlar orasida Qirg‘iziston fuqarolari ham bor bo‘lib, bu haqda ushlanganlar yaqinlari va xitoylik qayrilmanlarning Qirg‘iziston prezidenti Sooronboy Jeenbekovga murojaatida aytilgan.

Ularning aytishicha, Xitoyda etnik qirg‘izlarni hech qanday sababsiz ushlab, tarbiya lagerlariga jo‘natishmoqda. Murojaat mualliflarining ta'kidlashlaricha, ushlanganlar orasida Qirg‘iziston pasportiga egalar ham bor. 

“Qirg‘izistonliklarning Sintszyan-Uyg‘ur muxtor okrugidagi ahvoli og‘ir. Etnik qirg‘izlar hech qachon Xitoy davlat manfaatlariga qarshi chiqishmagan. Ularni asossiz ushlab, lagerlarga jo‘natishmoqda”, deyilgan murojaatda.

Ma'lum qilinishicha, ushlanganlar orasida  professor Mambetturdu Mambetakun va tarixchi Asqar Junus ham bor.

“Bizning yaqinlar Xitoyga ketib, qaytib kelishmayapti. Biz ikki yildan beri ularning qayerdaligi haqida ma'lumot ololmayapmiz. Ularning oilalari, farzandlari yolg‘iz qolishgan. Shuningdek, Xitoydagi qarindoshlarimiz bilan bog‘lana olmayapmiz. Ular ommaviy ravishda ushlanmoqdalar”, deb ta'kidlab o‘tilgan murojaatda. 

Ushlanganlar yaqinlarining aytishicha, Qozog‘iston hukumati Xitoyga nota bilan murojaat qilganidan keyin u yerdagi etnik qozoqlar ahvoli yaxshilangan. Ular shu munosabat bilan o‘z prezidentlaridan yaqinlari ozod etilishida yordam berishini so‘rashmoqda.

“Biz sizdan Xitoyning ichki ishlariga aralashishingizni so‘ramayapmiz. Biroq, Qirg‘iziston etnik qirg‘izlar va Qirg‘iziston fuqarolari nima uchun ommaviy ushlanayotganlari haqida qiziqib ko‘rishga haqli, deb hisoblaymiz”, deyilgan murojaatda.

Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Sintszyan-Uyg‘ur muxtor okrugining Qizil-Suv okrugida 160 mingga yaqin qirg‘iz yashaydi. 

Top