10:08 / 01.12.2018
32897

Katta Jorj Bush vafot etdi

Foto: globallookpress.com/ Mark Reinstein

AQShning 41-prezidenti katta Jorj Bush 95 yoshida vafot etdi. Bu haqda "Vashington post" xabar bermoqda.

Jorj Gerbert Uoker Bush 1924 yilning 12 iyun kuni Massachusets shtatining Milton shahrida tug‘ilgan, AQShning 41-prezidenti (1989—1993 yillarda), Ronald Reygan davrida AQShning 43-vitse-prezidenti (1981—1989 yillarda), kongressmen, diplomat, Markaziy razvedka direktori.

Katta Jorj Bush 2017 yil 24 noyabridan AQShning tarixdagi eng ko‘p umr ko‘rgan prezidenti bo‘lib kelayotgandi.

Foto: Getty Images

U Massachusetsda, senator va Nyu-York bankiri Preskott Bush hamda Doroti Uoker Bush oilasida tug‘ilgan. 1941 yilda Pyorl-Xarborga hujum ro‘y bergach, 17 yoshida, Bush kollejga o‘qishga kirishni kechiktirdi va AQSh HDKning o‘sha vaqtdagi eng yosh uchuvchisiga aylandi. Urush yakunlanguniga qadar xizmat qilgan, so‘ng Yyel universitetiga kirgan. 1948 yilda uni tamomlab, oilasi bilan G‘arbiy Texasga ko‘chib o‘tdi, u yerda neft biznesini boshlab, 40 yoshidayoq millionerga aylandi.

Bush o‘z neft kompaniyasini tashkil etganidan uncha ko‘p o‘tmay siyosatga kirib, Vakillar palatasi a'zosi bo‘ldi, shuningdek, boshqa lavozimlarni egalladi. U 1980 yilgi prezident partiya saylovlarida muvaffaqiyatsiz qatnashdi, biroq prezidentlikka da'vogar bo‘lgan Ronald Reygan tomonidan vitse-prezidentlikka nomzod sifatida tanlandi hamda bu juftlik saylovlarda g‘alaba qozondi. Bush muddat davomida bozorni tartibga solish va giyohvand moddalar bilan kurash bo‘yicha ma'muriy guruhga rahbarlik qildi.

1988 yilda Bush prezidentlik saylovlarida kampaniyani muvaffaqiyatli boshlab, demokratlardan raqibi Maykl Dukakisni mag‘lub etdi. Bush tomonidan o‘tkazilgan xalqaro siyosat Panama, Filippin va Fors ko‘rfazida o‘tkazilgan harbiy amaliyotlar, 1989 yilda Berlin devorining qulashi hamda ikki yil o‘tib SSSRning parchalanishi bilan yodda qolgan. Bush ichki siyosatda 1988 yilda bergan o‘z so‘zini bajarmadi va Kongressdagi kurashdan keyin soliqlarni oshirish haqidagi qarorni imzoladi, u Kongress tomonidan tasdiqlandi. Keyinchalik Bush iqtisodiy muammolar oqibatida 1992 yilgi prezidentlik saylovlarida demokrat Bill Klintonga mag‘lub bo‘ldi.

Bush - AQShning 43-prezidenti Jorj Uoker Bushning va Florida sobiq gubernatori Jyeb Bushning otasi.

Top