18:45 / 03.12.2018
51629

Televizor tomosha qilishning 8 ta salbiy oqibati

So‘nggi tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, Yerning o‘rtacha statistik kishisi televizor tomosha qilishga sutkasiga 3 soatga yaqin vaqt sarflaydi. Butun umr bo‘yi televizor har bir kishining 9 yildan ortiq vaqtini oladi. Agar bu usulda olinadigan ma'lumotning katta qismi dolzarb emasligi hisobga olinsa, bundan-da befoyda mashg‘ulotni topish mushkul. Biroq bu hali hammasi emas: zangori ekran oldida o‘tirish nafaqat samarasiz, balki xavfli hamdir.

Teleko‘rsatuvlarni tomosha qilish vaqtining ortishi natijasida yuzaga keladigan zararli oqibatlar bilan sizlarni tanishtiramiz.

Foto: Pixabay

Arterial bosimning ortishi

Eski televizorni yangisiga almashtirayotganda ko‘pincha maksimal darajadagi katta ekrandagisi tanlanadi. Natijada, ular ko‘rsatuvlarni tomosha qilish jarayonida ko‘zni zo‘riqtiradi, chunki turar-joy binolarining hajmi tomoshabinga ekrandan xavfsiz masofada bo‘lish imkonini bermaydi.

O‘ta katta ekran va ekran oldida o‘tkazilgan uzoq vaqt doimiy ravishda ko‘zlarda charchoq hissini chaqiradi. Bunday vaziyat arterial bosimning o‘sishiga sabab bo‘ladi. Olimlar televizor oldida o‘tkazilgan har bir soat yurak-qon tomir kasalliklari ehtimolini 7 foizga oshirishini aniqlashgan. Ishqibozlar bunday mashg‘ulot uchun kuniga 4 soatlab vaqt sarflashadi va bu kabi kasalliklardan uch marta ko‘proq zarar ko‘rishadi.

Asabiylikning ortishi

Hech kimga sir emaski, ko‘plab teleko‘rsatuvlarda salbiy jihatlar namoyish etiladi. Xotirjam bo‘lishga yordam beradigan yoqimli va ezgu filmlar sutkaning noqulay vaqtida namoyish etiladi. Teleko‘rsatuvlarni soatlab tomosha qiladigan kishilarda ortiqcha asabiylik va shubhaga berilish holatlari kuzatiladi. Sodir bo‘ladigan falokatlar oldidan nazorat qilib bo‘lmas qo‘rquv depressiya holatiga olib keladi.

Bosh miya faolligining kuchsizlanishi

Televizorni har kuni uzoq vaqt davomida tomosha qilish bosh miya faolligiga zarar keltiradi. Gap shundaki, ko‘rsatuvlarning mohiyati fastfudning intellektual analogi sanaladi. Kitob matni va yaxshi filmning syujyet chizig‘idan farqli ravishda u hech qanday tahlil, faol xavotirga tushish, mustaqil bahoni talab etmaydi.

Bu kabi aqliy saqichni doimiy ravishda iste'mol qilish xotira, anglash va qarorlarni tezda qabul qilishga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.

Foto: Pixabay

Bolalarda giperfaollikning rivojlanishi

Bolalar va o‘smirlar ko‘rsatuvlarni tomosha qilishga kattalarga qaraganda ko‘proq moyil bo‘lishadi. Ularda qadriyatlar o‘zgaradi: bir tomondan zo‘ravonlik sahnalari odatiy va u qadar qo‘rqinchli bo‘lmagan narsa sifatida qabul qilinsa, boshqa tomondan shaxsiy zo‘ravonligini ezgulik yo‘lida ishlatgan kuchli va adolatli “qahramonlar”ga taqlid qilish hissi paydo bo‘ladi. Ota-onalar ko‘pincha o‘zgarishlarni vaqtida payqamaydilar va farzandlarining o‘ta jahldor ekanidan hayratga tushadilar.

Kichik va kichik maktab yoshidagi bolalarda teledasturlarni tomosha qilish giperfaollik va e'tibor yetishmasligi sindromini chaqiradi. Gap shundaki, teleekrandagi voqealar hayotdagiga qaraganda ancha tez sur'atda sodir bo‘ladi. Bola tezlashtirilgan ma'lumot oqimini qabul qilishga odatlanadi va undagi diqqatni jamlash qobiliyati yo‘qolib boradi. Olimlar televizor oldida kuniga 3 soat vaqt o‘tkazadigan ikki yoshli bolalarda ham oqibatda o‘rganish va til ko‘nikmalarini rivojlantirish bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelishini aniqlashgan.

Erkaklarda jinsiy funksiyaning pasayishi

Ko‘rsatuvlarni uzoq vaqt davomida tomosha qilish erkaklar jinsiy funksiyasi uchun xavfli. U testosteron ishlab chiqarilishini kamaytiradi.

Salbiy o‘simtalar paydo bo‘lish ehtimolining ortishi

Nemis olimlari televizor oldida o‘tkazilgan har bir ortiqcha soat onkologik kasalliklar rivojlanish ehtimolini 9 foizga oshirishini aniqlashgan.

Uyqusizlik

Televizor tomosha qilib uxlashga odatlangan odamlar soni juda ko‘p. Ulardan har biri o‘z sog‘lig‘ini xatarga qo‘yadi. Birinchidan, uyquga ketishdan oldin namoyish etiladigan ko‘rsatuv har doim ham kishiga xotirjamlik beradi deb bo‘lmaydi. Demak, ruhiyat zo‘riqadi va uyquga ketish murakkablashadi. Ikkinchidan, teleko‘rsatuvlarni yotgan holatda tomosha qilish bo‘yin va yelka mushaklarini zo‘riqtiradi. Bu esa tungi hordiqqa salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Uchinchidan, zangori ekranning o‘zidan tarqalayotgan nur uyquga ketishga xalaqit qilishi aniqlangan. Ishlayotgan televizor oldida uyquga ketishga erishsangiz ham odatda uyqu fazasi buziladi. Tongda esa charchoq va jahl hissi bilan uyg‘onasiz.

Foto: Pixabay

Ortiqcha iste'mol qilish

Televizor tomosha qilish vaqtida ovqat iste'mol qiladiganlar uni ko‘proq yeb yuborishlari aniqlangan. Bunga salbiy ma'lumotni katta hajmda qabul qilish va xavotirning ortishi, uni esa biror mazaliroq narsani iste'mol qilish orqali kamaytirish bilan izohlash mumkin.

Tsivilizatsiyaning boshqa yutuqlari kabi televizor ham xavfsiz emas. Agar ko‘rsatuvlarni tomosha qilishdan voz kechish imkoniyati yoki istagi bo‘lmasa, bu mashg‘ulotni kuniga 1,5-2 soatgacha cheklash lozim. Faqat shu yo‘l bilan o‘z yaqinlaringizning jismoniy va ruhiy salomatligini himoya qilasiz.

Top