22:54 / 10.12.2018
9200

Shavkat Mirziyoyev AQSh delegatsiyasini qabul qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10 dekabr kuni AQShning Afg‘onistondagi yarashish masalalari bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Halilzod va AQSh Prezidenti yordamchisining o‘rinbosari, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kyortisni qabul qildi.

Shavkat Mirziyoyev AQSh delegatsiyasini samimiy qutlar ekan, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanayotgani va izchil mustahkamlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi. Joriy yil may oyida AQShga oliy darajadagi tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergani ta'kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Turli darajadagi aloqalar faollashdi, samarali siyosiy muloqot va parlamentlararo hamkorlik yo‘lga qo‘yildi, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, madaniy-gumanitar almashuvlar jadallashmoqda.

Uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi har tomonlama munosabatlarni yanada kengaytirishga doir, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Afg‘onistondagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etishga alohida e'tibor qaratildi. 
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Afg‘oniston bilan an'anaviy yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga muhim ahamiyat qaratayotgani, ushbu mamlakatda tez fursatda tinchlik va barqarorlik o‘rnatilishi, izchil taraqqiyotni ta'minlash tarafdori ekanini qayd etdi.

O‘zbekiston tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan infratuzilmaga oid qator ahamiyatli loyihalar bu jarayonga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi.

Uchrashuvda Afg‘onistonda tinchlik muzokaralari jarayonini boshlashda afg‘on xalqining bosh va hal qiluvchi rolini nazarda tutgan butun xalqaro hamjamiyat sa'y-harakatlarini yanada uzviy muvofiqlashtirish, ushbu mamlakatga iqtisodiy ko‘mak loyihalarini ilgari surishda amaliy yordam ko‘rsatish zarurligi qayd etildi.

Zalmay Halilzod va Liza Kyortis samimiy qabul uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirib, AQSh Prezidenti Donald Trampning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

O‘zbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining qo‘shni mamlakatlar, jumladan, Afg‘onistonga nisbatan tashqi siyosatiga yuksak baho berildi.

Tomonlar O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta'minlash maqsadida Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish masalalarida o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga tayyor ekanini qayd etdilar.

Top