14:01 / 22.01.2019
17580

Avtomobil boshqaruvini o‘rgatayotgan o‘qituvchi ham xato qildi

Illyustrativ foto

Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi «Vatanparvar» o‘quv sport klubida avtomobil boshqaruvi o‘rganuvchisi N.U. voyaga yetmagan shaxsni Damas'da urib yuborgan. 

2018 yil 29 noyabrda yuz bergan yo‘l-transport hodisasi tafsilotlariga ko‘ra, «Vatanparvar» o‘qituvchisi Sh.G‘. O‘zbekistonda amalda bo‘lgan «Yo‘l harakati qoidalari»ning ma'lum bandiga amal qilmay, ya'ni «yo‘llarda boshqarishni o‘rgatish faqat avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar instruktori ishtirokida, dastlabki boshqaruv ko‘nikmalariga ega bo‘lgan o‘rganuvchiga ruxsat» etilishini inobatga olmay, qoidani buzgan. 

Ma'lum qilinishicha, avtomobil boshqaruvini qo‘lga olgan, o‘rganuvchi N.U. yo‘l yoqasida harakatlanib kelayotgan piyodaga yengil tan jarohati yetkazgan. 

20 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan sudga ko‘ra, Quva tuman ma'muriy sudi G‘.Sh.ni O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir etgan, deb topdi. Unga EKIH 3 baravari miqdorida, ya'ni 608 ming 190 so‘m jarima jazosi tayinlandi. 

So‘nggi paytda YTH oqibatida jarohatlangan yo halok bo‘lganlar haqida tarqatilayotgan ma'lumotlar ko‘paydi. Masalan, 2019 yil 7 yanvar kuni Quyichirchiq tumanida, «Neksiya» rusumli avtomobil haydovchisi K.N. qatnov yo‘lini chap tomondan o‘ng tomonga kesib o‘tayotgan 2011-yilda tug‘ilgan piyoda A.I.ni urib yuborgan. Piyoda tuman markaziy shifoxonasida hayotdan ko‘z yumgan. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi haydovchisi O.K. o‘zining boshqaruvidagi oq rangli Nexia-3 rusumli xizmat avtomashinasini boshqarib borayotib, Xo‘jayli tumani «G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beyneu» avtomobil yo‘lining 810-811 kilometrida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida to‘siqqa urilgan va yo‘l transporti hodisasi sodir etishi natijasida 4 kishi halok bo‘lgandi.

Top