10:18 / 25.01.2019
31450

O‘zbekistonda tashkil etilgan yangi agentlikka rahbar tayinlandi. U bir yilda uch marta ish joyini o‘zgartirmoqda

Foto: KUN.UZ

Xalq ta'limi vaziri o‘rinbosari Otabek Nazirov yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi direktori etib tayinlandi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston Respublikasi Kapital bozorini rivojlantirish agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»​gi qaror​​​i bilan tashkil etilgan yangi agentlikning asosiy vazifasi –​mamlakatda qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish.
Agentlik o‘z vakolatlarini mustaqil ravishda va barcha davlat organlari, tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil holda olib boradi hamda o‘z faoliyatida bevosita O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga bo‘ysunadi va hisobot beradi​.

O‘zbekiston hukumatida Otabek Nazirov Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari sifatida faoliyatini 2018 yilning may oyidan boshlagandi. ​U Innovatsion rivojlanish vazirligida monetar siyosat, bank tizimi, budjet siyosati, soliq tizimi, ijtimoiy xizmatlar, pensiya ta'minoti, qishloq va suv xo‘jaligini rivojlantirish, shuningdek demografiya va aholi bandligini tadqiq etish bo‘yicha innovatsion yechimlarni  ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq qilish masalalari bilan shug‘ullandi. 

Keyinchalik, Innovatsion rivojlanish vazirligida birga ishlagan hamkasbi, sobiq vazir o‘rinbosari (ayni paytda Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov) bilan tandem hosil qilgan holda Xalq ta'limi vazirligiga o‘tkazilgandi.

Ma'lumot uchun, Otabek Anvarovich Nazirov 1975 yili Toshkentda tug‘ilgan. AQShning Nyu-York shtatidagi Stouni-Bruk Davlat Universitetida makroiqtisodiyotchi mutaxassisligini egallagan. U turli yillari  AQShning GOLDMAN SACHS GROUP, Moskvadagi TROYKA DIALOG  va BANK MDM, Vashingtondagi THE AVACENT GROUP hamda Nyu-Yorkdagi JP MORGAN CHASE  kompaniyalarida ham faoliyat yuritgan.​​

Top