11:09 / 05.02.2019
26595

Ultima Thule – «yeryong‘oq» asteroid

2019 yil kirib kelishi bilan, ya'ni 1 yanvar kuni Toshkent vaqti bilan soat 10:33da NASA’ning New Horizons sayyoralararo kosmik apparati Ultima Thule asteroidiga maksimal masofada yaqin kelgan va ilk bor ushbu g‘ayrioddiy osmon jismining tasvirini Yerga uzatgandi.

Ultima Thule Quyosh tizimining chekka qismida – Koyper belbog‘ida joylashgan g‘ayrioddiy obekt bo‘lib, shakli ko‘proq yeryong‘oqni eslatadi.

Ultima Thule asteroidining New Horizons tomonidan olingan eng yuqori aniqlikdagi tasviri

NASA olimlariga ko‘ra, u o‘lchami turlicha bo‘lgan ikkita sferik shakldagi osmon jismlari Ultima (o‘lchami taxminan 19 km) va Thule (taxminan 14 km) o‘zaro birlashishidan hosil bo‘lgan.

Yerdan 6,4 mlrd km masofada joylashgan ushbu g‘ayrioddiy astreoid Habbl kosmik teleskopi yordamida 2014 yilning 24 iyun kuni kashf qilingan va 2014 MU69 nomi bilan ro‘yxatga olingan. 2018 yilning mart oyida esa NASA tomonidan internet so‘rovnoma o‘tkazilib, unga Ultima Thule (ma'nosi: «Olam chekkasi») deb norasmiy nom berilgan.

Hozircha, Ultima Thule – inson tomonidan yaratilgan kosmik apparat yetib borgan Yerdan eng uzoq masofadagi asteroid hisoblanadi.

New Horizons zondi insoniyat tomonidan shu kungacha kosmosga uchirilgan kosmik apparatlarning eng tezkori bo‘lib, u 2006 yil yanvarda uchirilgan. Oradan 1 yil o‘tgach, Yupiter yaqinidan rekord darajada yaqin – 2.3 mln km masofadan uchib o‘tgan va Yerga ushbu gigant sayyoraning atmosferasi va magnitosferasi, hamda uning tabiiy yo‘ldoshlari haqidagi muhim ma'lumotlarni uzatgan. 2011 yil mart oyida zond Uran sayyorasi orbitasini kesib o‘tgan, 2015 yil esa Plutondan 12,5 ming km masofadan o‘tgan holda Pluton va Xaronning ilk tasvirlarini olgan.

Shundan so‘ng, Koyper Belbog‘i obektlarini, xususan Ultima Thule asteroidini tadqiq etish maqsadida undagi uskunalar butligini saqlagan holda yetib borish uchun kosmik apparat «uyqu rejimi»da o‘z sayohatini davom ettirgan. 

Mavzuga oid
Top