18:46 / 12.02.2019
16472

Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi tanqidiy maqolaga munosabat bildirdi

Kun.uz saytida 11 fevral kuni «Paxtachidagi abgor yo‘l yoxud Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasining «ajoyib» xati» nomli tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.

Maqolada Samarqand viloyatidagi Paxtachi tumani «Quvondiq» va «Sardoba» mahallalari o‘rtasidan o‘tgan yo‘lning abgor holati aks ettirilgandi.

Samarqand viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi boshlig‘i Q.Hasanov mazkur maqolada keltirilgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan ma'lumot berdi.

«Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 4K562 «M-37 avtomobil yo‘lidan Sultonobod-Abdiamin» mahalliy yo‘lini ta'mirlab berish to‘g‘risida Paxtachi tumanidagi «Sardoba» mahallasida yashovchi fuqaro S.Sattorovga 2019 yil 25 yanvar kunida yozilgan №01-14/180-sonli javob xatida haqiqatdan ham xatoliklarga yo‘l qo‘yilgani, jumladan «2019 yil 24 yanvar» o‘rniga «2019 yil 24 dekabr» hamda «Paxtachi tumani» o‘rniga «Tayloq tumani» deb adashib yozilgan.

Samarqand viloyati Paxtachi tumanidagi 4K562 «M-37 avtomobil yo‘lidan Sultonobod-Abdiamin» mahalliy yo‘lini ta'mirlash ishlari 2019 yil 12 fevralda boshlanishini, shuningdek 2019 yil 25 yanvar kunida yozilgan №01-14/180-sonli javob xatiga Bosh boshqarma boshlig‘i Q.Hasanov o‘rniga bosh muhandisi R.Isakov xatni imzolayotganda xatdagi xatolarga e'tibor qaratmagani uchun unga nisbatan intizomiy jazo ko‘rilishini ma'lum qilamiz», – deyiladi ma'lumotnomada.

Ushbu holat yuzasidan bosh boshqarma boshlig‘i Q.Hasanov bilan suhbatlashdik. Uning aytishicha, ayni vaqtda yo‘lni ta'mirlash ishlari boshlangan. Murojaatchiga yuborilgan javob xatini esa bosh boshqarmaning bosh muhandisi imzolagan. Ta'kidlanishicha, unga intizomiy chora ko‘riladi.

Ma'lumot yuzasidan o‘rganishlarda ma'lum bo‘lishicha, haqiqatan ham ayni vaqtda ushbu yo‘lda ta'mirlash ishlari boshlangan. Yo‘lga shag‘al to‘kilib, maxsus texnikalar yordamida texnik ishlar amalga oshirilmoqda.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top