16:50 / 13.02.2019
17652

«Ayaks»dagi inqiroz yoki «Barselona» «Real»ga qanday yordam berdi? YeChL anonsi

Bugun, 13 fevral kuni soat 23:00da (Toshkent vaqti bilan 14 fevral kuni soat 01:00da Chempionlar ligasining nimchorak final o‘yinlari doirasida yana bir qiziq o‘yin bo‘lib o‘tadi. «Real»ning bu bosqichdagi raqibi joriy mavsumda «bir bosh baland sakragan» «Ayaks» bo‘ladi.

«Ayaks» - «Real»
13 fevral. Amsterdam. «Yoxan Kroyf Arena» stadioni. 
Hakam: Skomina (Sloveniya).
Yo‘qotishlar: de Yong, Magalyan (ikkisi so‘roq ostida) - Lorente (jarohat), Isko (so‘roq ostida).

Taxminlar
Ikki oy muqaddam, Yevropaning eng kuchli jamoalari YeChL nimchorak finalidagi ilk raqiblarini bilib olishganida «Ayaks» va «Real» juftligida barchasini oldindan ma'lum deb bo‘lmasdi.

Turnirning amaldagi g‘olibi (madridliklar oxirgi uch mavsumda tengsiz bo‘lishgan) qarshisida «Bavariya» bilan bir guruhdan joy olib, mag‘lubiyatsiz guruh bosqichini yakunlagan (3 g‘alaba va 3 durang, to‘plar nisbati 11:5). Yosh futbolchilar porlagan amsterdamliklar jamoasi «Ayaksida» nomini oldi, bu jamoa yetakchilari 19 yoshli sardor Matteys de Ligt hamda 21 yoshli havbek Frenki de Yong bo‘lishdi. Bu futbolchilar klub muxlislarida kelajakka ishonch uyg‘otishdi, qolaversa, Xulen Lopetegining muvaffaqiyatsizliklaridan keyin uning o‘rniga tayinlangan Santyago Solari boshchiligidagi jamoa u qadar qudratli ko‘rinmasdi. Dekabr oyi o‘rtalarida «Real» YeChL guruh bosqichida TsSKAga 0:3, Ispaniya chempionatida «Eybar»ga 0:3 hisoblarida mag‘lub bo‘lgandi.

Bu holatda «Real» chempionlikni himoya qila olishiga shubhalar paydo bo‘lgandi.

Tanaffus va transferlar darchasi

Ammo keyin amsterdamliklar uchun ikki hal qiluvchi burilish ro‘y berdi - Niderlandiya chempionatidagi bir oylik tanaffus va qishki transferlar darchasi ochilishi. 

«Ayaks» Yevropa grandlari keyingi yarim yil mobaynida raqobat qilgan o‘zining asosiy yulduzlaridan biri bilan xayrlashmadi, lekin u faqat yana yarim mavsum Niderlandiya poytaxtida qolishi, keyin Kataloniya poytaxtiga yo‘l olishi hal bo‘ldi. Amalda De Yongning transferi hal bo‘lgan, u yozda 75 million yevro evaziga «Barselona»ga borib qo‘shiladi. Ammo bu transfer haqida yanvar oyidayoq e'lon qilib qo‘yildi. «Barsa» pulni ayamadi va Yevropa futbolidagi javohirlardan birini qo‘lga kiritdi, ammo shu bilan birgalikda asosiy raqibi «Real»ga yordam berib yubordi.

Chunki de Yongning o‘zi necha marta «Barselona» kellajakdagi jamoasi ekani, hozirda faqat «Ayaks» haqida qayg‘urishi, «xayoli va yuragi Amsterdamdaligi»ni ta'kidlagan bo‘lsada, uning ikkinchi davradagi o‘yinlarida jiddiy pasayish kuzatildi. O‘z navbatida uning do‘sti, tez orada grand klubga o‘tishi kutilayotgan Mattey de Ligtning («Barselona» va «PSJ» unga asosiy da'vogar) ham xayoli joyida emas. Bu ikki futbolchi bilan bog‘liq vaziyat tufayli «Ayaks»da inqirozli holat yuzaga keldi.

Buni statistikada ham ko‘rish mumkin: Birinchi davrada poytaxtliklar jamoasi ichki chempionatda 11 uchrashuvdan iborat g‘alabali seriya qayd etgan, bu o‘yinlarda atigi 4 bor gol o‘tkazib yuborgan. Ta'tildan qaytgach esa, «Ayaks» ikki o‘yinda jami 10ta gol o‘tkazib yubordi. Avvaliga o‘z maydonida «Herenven» bilan 4:4 hisobida durang o‘ynadi, keyingi turda «Feyyenord»ga safarda 2:6 hisobida yutqazdi. De Yong va de Ligt bu o‘yinlarda 90 daqiqadan o‘ynashdi, ammo ularning maydonda bor-yo‘qligi sezilmadi.

Frenkining jarohati

O‘tgan dam olish kunlarida «Ayaksida» yana yutqazdi, bu safar «Herakles»ga o‘z maydonida 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Holbuki, bu jamoa chempionatdagi oxirgi 11 o‘yinida 8 marta yutqazgandi, jarohat tufayli de Yong bu o‘yinni yakunlay olmaydi, 79-daqiqada belidagi og‘riq tufayli maydonni tark etdi. U bugun Madrid klubiga qarshi maydonga chiqishi ham so‘roq ostida.

Bu vaqtda golland matbuoti Matteys de Ligtni tanqid qilmoqda. «De Ligt faqat o‘zini o‘ylaydi. Jamoa legionerlari sardorlik bog‘ichini boshqa futbolchi taqishi kerak deb hisoblashmoqda. Yoshi unikidan kattaroq va undan tajribaliroq futbolchi. «Ayaks» hozirgi holatida «Real» bilan tengma-teng o‘ynay olish salohiyatiga ega emas», deyiladi De Telegraaf nashri xabarida.

«Ayaks» «Real»ni oxirgi marta 1995 yilda mag‘lub etgan, o‘shanda guruh bosqichidagi ikki o‘yinda «Qirollik klubi» 1:0 va 2:0 hisoblarida mag‘lub etilgan, amsterdamliklar jamoasi finalgacha yetib borib, «Milan»dan ustun kelgan holda (1:0) YeChL kubogini qo‘lga kiritgan. Jamoada o‘sha muvaffaqiyatni takrorlash imkoniyati amalda deyarli yo‘q.

«Qaymoqrang» o‘zgarishlar
Bu vaqtda esa «Real»ning o‘zida ijobiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Solari jamoasi Ispaniya chempionatining oxirgi 5 uchrashuvida g‘alaba qozondi, oxirgi turda Madrid derbisida «Atletiko» mag‘lubiyatga uchratildi (3:1), «Real» sentabr oyidan buyon ilk marta ikkinchi o‘ringa chiqib oldi. Shuningdek, jamoa keyingi besh yilda ilk marta Ispaniya Kubogi finaliga chiqishi mumkin: bir hafta muqaddam turnir yarim finalida «Barselona»ga qarshi «Kamp Nou»da o‘tkazilgan birinchi uchrashuvda kerakli natijani qayd etdi (1:1).

Vinisius-Benzema tandemi

«Real»da Karim Benzemaning o‘yini ochildi, u yanvar oyi oxiri va fevral oyi boshidagi 4 o‘yinda 6 gol urdi - bu «Ayaks» himoyasi uchun yomon xabar. Bundanda yomoni esa, Benzema 18 yoshli Vinisius bilan tandem hosil qilgan. Bu ikki juftlik har o‘yinda olqishlarga sazovor bo‘lmoqda. Avvallari Karim Krishtianu Ronaldu uchun o‘ynagan bo‘lsa, endi barchasi aksincha. Vinisius o‘z tezligi va texnikasi evaziga raqiblarni dog‘da qoldirib, Benzemani qulay vaziyatga chiqarmoqda. Solari bu tandemni Garet Beyl va Marko Asensio juftligidan afzal ko‘rmoqda.

Vinisius Ispaniya chempionati va Ispaniya Kubogidagi ilk gollarini urib bo‘ldi. YeChLdagi birinchi gol ham vaqt masalasi. Bu vaqt tezroq keladigan ko‘rinmoqda.

Mavzu
Yevropa Chempionlar Ligasi
12 sentabrdan Yevropa Chempionlar Ligasida yangi mavsum start oldi. 8 guruhda 4tadan jamoa kuzgi bahslarga kirishdi.
Barchasi
Top