17:06 / 13.02.2019
9181

​O‘zbekiston Qurilish vaziri o‘rinbosari turkiyalik hamkasbi bilan muzokara olib bordi

Shaharsozlikdagi jahon tajribasini o‘rganish maqsadida O‘zbekiston Qurilish vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya Turkiyaga tashrif buyurdi. Anqarada o‘tkazilishi kutilayotgan uchrashuv va muzokaralar davomida o‘zbek-turk mutaxassislari loyihalash, uy-joy qurish va jamoat binolarini barpo etish masalalarida fikr almashishi belgilangan, deb xabar beryapti Kun.uz muxbiri.

Foto: Qurilish vazirligi

Qurilish vaziri o‘rinbosari Erkin Iskandarov turkiyalik hamkasbi Mujohid Demirtosh va Fotima Varank bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyada uy-joy qurilish loyihalarini moliyalashtirishga ixtisoslashgan Ilbank rahbariyati bilan ham uchrashgan. 

Tomonlar manfaatli hamkorlikni davom ettirish maqsadida 2019 yil Toshkent shahrida Arxitektura va qurilish muhandisligi loyihalari xalqaro forumini o‘tkazishga kelishib olishdi. 

Eslatib o‘tamiz, qurilish sohasi bo‘yicha chet el tajribasini o‘rganish uchun Vazirlar Mahkamasi farmoyishi bilan xorijga ishchi guruhlarni yuborish belgilangandi. Ishchi guruhlar zimmasiga Rossiya, Belarus, Turkiya va Ozarboyjonning qurilish sohasidagi tajribasini o‘rganish va xizmat safari yakunlari bo‘yicha ularni mamlakatimizda amalga oshiriladigan loyihalashtirish va qurilish ishlariga tatbiq etish yuzasidan tegishli takliflarni kiritish vazifasi yuklangan.

Top