00:51 / 14.02.2019
29580

Futbol tarixidagi eng yaxshi darvozabon ma'lum qilindi

Fransiyaning France Football nashri Lev Yashinni futbol tarixidagi eng yaxshi darvozabon deb tan oldi.

Nashr tarixdagi eng yaxshi 10 darvozabondan iborat ro‘yxatni e'lon qildi. Ro‘yxatga Moskvaning “Dinamo” klubi va sobiq ittifoq terma jamoasi darvozabonidan tashqari, Gordon Benks (Angliya), Dino Dzoff (Italiya), Janluiji Buffon (Italiya), Manuel Noyyer (Germaniya), Peter Shmeyxel (Daniya), Zepp Mayyer (Germaniya), Iker Kasilyas (Ispaniya), Edvin van der Sar (Niderlandiya) va Piter Shilton (Angliya) kiritilgan.

Ro‘yxatga kiritilgan darvozabonlardan 3 nafari: Janluiji Buffon, Manuel Noyyer va Iker Kasilyas hali ham faoliyatini davom ettirmoqda. 

Ro‘yxat quyidagicha ko‘rinish olgan:

1. Lev Yashin (SSSR) 
2. Gordon Benks (Angliya) 
3. Dino Dzoff (Italiya) 
4. Janluiji Buffon (“PSJ”, Italiya) 
5. Manuel Noyyer (“Bavariya”, Germaniya) 
6. Peter Shmeyxel (Daniya) 
7. Zepp Mayyer (Germaniya) 
8. Iker Kasilyas (“Portu”, Ispaniya) 
9. Edvin van der Sar (Niderlandiya) 
10. Piter Shilton (Angliya)

Lev Yashin (1929-1990) FIFA talqini bo‘yicha XX asrning eng yaxshi darvozaboni hisoblanadi. U 1950 yildan 1971 yilgacha “Dinamo” klubi safida to‘p surgan, 5 marta sobiq ittifoq chempionatini yutgan. Terma jamoa safida 74 ta o‘yin o‘tkazib, 1956 yilgi Olimpiada chempioni, 1960 yilgi Yevropa chempioni bo‘lgan. Yashin 1958, 1962, 1966 yillardagi jahon chempionati final bosqichida ishtirok etgan. 1963 yilda Yevropaning eng yaxshi futbolchisi deb topilib, “Oltin to‘p”ni qo‘lga kiritgan. Yashin futboldagi eng nufuzli ushbu mukofotni olgan tarixdagi yagona darvozabon hisoblanadi.

O‘z darvozalarini 100 va undan ko‘proq o‘yinda daxlsiz qoldirgan darvozabonlar kiradigan ramziy klub Yashin nomi bilan ataladi. Aynan Yashin sobiq ittifoq chempionatlarida birinchi bo‘lib 100 ta “quruq” o‘yin o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan. 

Mavzuga oid
Top