18:09 / 22.02.2019
16967

O‘zbekistonda biznes uchun bir nechta talablarni bekor qilishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda

Foto: parliament.gov.uz

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta'minlashga, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yaxshilashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.

Majlis kun tartibiga kiritilgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi mamlakatning biznes yuritish borasidagi imijini yanada yaxshilashga xizmat qilishi ta'kidlandi.

Qayd etilganidek, loyihada “Biznes yuritish” hisoboti metodologiyasida qulay tadbirkorlik muhitini yaratishga qaratilgan talablarni qonun hujjatlariga kiritish nazarda tutilgan. 

Ya'ni, qonun loyihasi bilan kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq, endilikda yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkini sotish to‘g‘risidagi shartnomasini notarial tasdiqlashning majburiy tartibini hamda aksiyadorlik va mas'uliyati cheklangan jamiyatlarning ustav kapitalining minimal qiymatiga qo‘yilgan talablarni bekor qilish va ustav kapitalining eng kam miqdoriga oid talablarni litsenziya talablari bilan belgilashga doir normalar kiritilmoqda. 

Shuningdek, aksiyadorlik jamiyatlari ustav kapitalidagi chet ellik investorning ulushi kamida 15 foizni tashkil etishi kerakligi to‘g‘risidagi talabni ham bekor qilish ko‘zda tutilmoqda. Aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan qo‘shimcha aksiyalar chiqarilishida aksiyadorlarga o‘zlarining ulushlarini saqlab qolishlari uchun imtiyozli huquq berish, aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan auditorlik tekshiruvini albatta o‘tkazish uchun auditorlik tashkilotini tanlash vakolati faqatgina aksiyadorlar umumiy yig‘ilishiga berish nazarda tutilyapti.

Deputatlarning fikricha, mazkur qonunning qabul qilinishi korxonalardagi korporativ boshqaruvni yaxshilash, minoritar aksiyadorlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyalash, mamlakatimizda tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qiladi.

Top