00:04 / 27.02.2019
7250

«O‘zbekkonsert» lisenziat bilan shartnomaga ijtimoiy tarmoqlar etikasi bandini kiritmoqchi

«O‘zbekkonsert» rahbari Kun.uz muxbiri bilan suhbatda taniqli san'atkorlarning ijtimoiy tarmoqlardagi o‘zini tutishi, madaniyati va odob doirasi haqida so‘zladi.

«Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zini tutishi, xatti-harakatlari uchun Halima Ibragimovaga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rdik. Mahalliychilik haqida, shuningdek, butun xalqning nomidan gapirishga nafaqat Halima Ibragimova, balki boshqalarning ham haqqi yo‘q.

U o‘zining shaxsiy fikrini ma'lum etika qoidalari doirasida ifoda etishi mumkindir, lekin u san'atkor, uni butun xalq taniydi. Shu kasbni tanladimi, uning mashaqqatiga ham chidashga majbur. Buning o‘ziga yarasha yutuqlari va kamchiliklari bor.

Bu gaplar faqat Halimaga tegishli emas, hamma san'atkorlarga qaratilgan gap. Biz o‘zimiz ham ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib turibmiz, shunday san'atkorlarimiz borki, jiddiy chora ko‘rishga majbur qilishmoqda. 2019 yilning mart oyidan Estrada san'atini rivojlantirish va muvofiqlashtirish kengashi a'zolarining navbatdagi yig‘ilishida lisenziat va «O‘zbekkonsert» o‘rtasida tuziladigan bitimga ijtimoiy tarmoqlardagi madaniyat to‘g‘risidagi bandni qo‘shmoqchimiz. Chunki shunga majbur bo‘lyapmiz. 

Ayrimlar ijtimoiy tarmoqlar – shaxsiy masala deyishi mumkin, lekin san'atkorning shaxsiy hayoti deyarli bo‘lmaydi, chunki u xalqning odami. U qanday kayfiyatda bo‘lmasin, ommaning oldiga chiqyaptimi, mas'uliyatni his etishi kerak. Ayol kishi bo‘lsa, ibo-hayoni, erkaklar bo‘lsa, odob-axloq bilan murojaat qilishi zarur», deydi u.

Mavzuga oid
Top