15:31 / 13.03.2019
43273

«Ijtimoiy tarmoqdagi reklama». Tanganing ortida nima bor?

Foto: Pinterest

Ingliz tilida omma e'tiborida bo‘lgan shaxs yo kishilar guruhiga nisbatan celebrity atamasi qo‘llanadi. Mashhur insonlar, jumladan sportchi, aktyor yo qo‘shiqchilar, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda katta ommani ergashtirgan akkaunt egalari «selebritilar» sirasiga ​kiradi.

Atamaning bu qadar batafsil sharhiga to‘xtalishimning bir sababi bor: istaysizmi, yo‘qmi, O‘zbekistonda ham omma e'tiborida bo‘lgan shaxslar, ayniqsa ijtimoiy tarmoqlarda muridlarni bir joyga birlashtirgan akkauntlar ko‘paygan. 

Ijtimoiy tarmoqlarda «selebritilar»ning turli tovar va xizmatlarni reklama qilishi odatiy holga aylanib ulgurgan. «Tavsiya qilaman», «o‘z tajribamda sinab ko‘rdim...», «menga eng yoqqan...» singari jumlalar bilan ko‘rsatib o‘tiladigan, «falon firmaning sovg‘asi» yoki «25-kadr effekti» tarzida namoyish qilinadigan tasvirlar aniq tijoriy maqsadlarda amalga oshiriladi, lekin bunda reklamaga qo‘yiladigan talablarning buzilish holatlari yetarlicha qayd etiladi. 

Soddaroq qilib aytganda, katta omma e'tiborini bir akkauntga jalb etolgan shaxs tijoriy maqsadda olib borayotgan reklama faoliyatini qonun talabini buzgan holda olib bormoqda.

Reklama qilish tartibi qanday?

Har qanday mahsulot/xizmatni O‘zbekiston hududida va xalqi uchun reklama qilishda «Reklama to‘g‘risida»gi qonun doirasida ish ko‘rish lozim. Xususan:

ishlab chiqarilishi yoki realizatsiya qilinishi qonun hujjatlari bilan taqiqlangan mahsulot haqida axborot tarqatish, o‘zga shaxslarning mahsulotini kamsitishi yoki badnom etish; 

majburiy sertifikatlashtirilishi talab etiladigan mahsulotni kerakli hujjati bo‘lmagan holda reklama qilish, pornografiyani tarqatish kabilar taqiqlanadi. (6-modda)

Katta kontingentga ega «selebriti» mahsulotning ijobiy xususiyatlari haqida gapirib, uning ishlab chiqaruvchisiga to‘xtalib o‘tgan holda, bu axborotning reklama xarakteriga egaligiga mutlaqo ishora qilinmasligi ko‘p uchraydi.

Vaholanki, yuqoridagi qonunning 11-moddasiga ko‘ra reklama, uni tarqatish shakllari yoki vositalaridan qat'iy nazar, boshqa axborotdan reklama deb hisoblash mumkin bo‘ladigan darajada ajratilgan bo‘lishi kerak. 

Mashhurlar tomonidan mahsulot haqida ma'lumot bera turib, buning reklama ekanligiga ishora qilmaslik harakat egalari tomonidan bu haqda gapirishdan hech qanday manfaat ko‘rilmasligi bilan izohlanishi mumkin. 

Lekin mahsulotga qiziqishni shakllantirish va mahsulot realizatsiyasiga ko‘maklashish uchun mahsulotning muayyan markasiga yoki uning ishlab chiqaruvchisiga iste'molchining e'tiborini atayin jalb qiluvchi, shuningdek, mazkur mahsulotni ishlab chiqaruvchi yoki tarqatuvchi shaxsga taalluqli ma'lumotlardan iborat axborot materiali reklama hisoblanadi hamda u «reklama» yoki «reklama o‘rnida» rukni ostida joylashtirilishi lozimligi belgilangan.

Shuningdek, cheklovlar qo‘yish qiyin masala bo‘lgan ijtimoiy platformada mahsulotlarni targ‘ib qilishda auditoriyada voyaga yetmaganlar ham bo‘lishi mumkinligi ko‘p hollarda nazardan qochiriladi. 

Tijoriy maqsadga aynan to‘xtalib o‘tmagan holda mahsulot haqida axborot berib o‘tish holatlari ham qonunga zid hisoblanadi. Xususan, «yashirin reklama iste'molchining idrokiga uning o‘zi anglamagan holda ta'sir o‘tkazadigan, shu jumladan, maxsus video ilovalardan foydalanish yo‘li bilan hamda boshqa usullar bilan ta'sir o‘tkazadigan reklamadir. O‘zbekistonda yashirin reklama tarqatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi». (ayni qonunning 14-moddasi)

«Ijtimoiy tarmoqlarda mahsulot haqidagi ma'lumot tijoriy maqsadda tarqatilayotgani yoki yo‘qligini aniqlashtirib olish ancha qiyin masala. Agar axborotni uzatishdan foyda ko‘rilayotgan bo‘lsa, bu reklama xarakteriga ega bo‘ladi. Foyda bo‘lmasa, reklama qilinmaydi ham. Olinayotgan foydani ko‘rsatishni esa istashmasligi mumkin. Bu esa qonunga zid. Chunki daromad solig‘i to‘lash kerak bo‘ladi», — deydi qo‘mita Reklama faoliyatini nazorat qilish va iste'molchi huquqlarini himoya qilish boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Azimov.

Uning qayd etishicha, oddiy foydalanuvchi taqdim etilayotgan ma'lumotning tijoriy xarakterga egaligi yoki chindan ham shunchaki «beminnat tavsiya» ekanligini farqlashi qiyin masala.

«O‘z atrofida ancha-muncha kishilarning e'tiborini jamlaydigan mashhurlar mavjud tartib haqida bilmasligi mumkin. Biz bu narsani ham inobatga olishimiz kerak. Qonunni bilmaslik chora ko‘rish uchun asos bo‘maydi. Reklama qilishni hech kim taqiqlamaydi. Faqatgina «Reklama to‘g‘risidagi qonun»da belgilangan tartibga rioya qilishsin», —deya qo‘shimcha qildi u.

Maqsad daromad solig‘ini yashirishmi?

«Reklama munosabatlarida, albatta, reklama tarqatuvchi foyda ko‘radi. O‘z-o‘zidan daromad solig‘i to‘lashi kerak bo‘ladi. Yoki u reklama tarqatish huquqi bo‘yicha patent olgan bo‘lishi kerak», — deydi Dilshod Azimov.

Davlat soliq qo‘mitasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, jismoniy shaxslar foiz va dividend ko‘rinishida, mol-mulkni ijaraga berib daromad olganda, fan, adabiyot va san'at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida daromad olganda, asosiy bo‘lmagan ish joyidan moddiy naf tarzida qo‘shimcha daromad olgan bo‘lsa, jami yillik daromadlari to‘g‘risida Soliq qo‘mitasiga deklaratsiya topshirishi hamda daromad solig‘ini to‘lashi lozim.

Agar jismoniy shaxs qo‘shimcha daromadlarini yashirib, deklaratsiyani o‘z vaqtida taqdim etmasa, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 174-moddasi uchinchi qismi bilan javobgarlikka tortilib, eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha jarimaga tortilishi mumkin.

Britaniyada aniq talablar mavjud

Buyuk Britaniyada Monopoliya va bozorni boshqarish boshqarmasi tomonidan (SMA) ijtimoiy tarmoqlarda mahsulot/xizmatlarni reklama qilishning tartibi aniq belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra:

─ agar mahsulot sovg‘a bo‘lsa, #freebie heshtegi qo‘yilishi kerak;

─ homiylik yoki pulli to‘lov asosidagi reklama xarakteridagi matnda #ad, #sponsored heshtegi ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak;

─ matnning tijoriy xarakterga egaligini ko‘rsatuvchi bunday heshteglar matn orasida bilintirmay emas, balki alohida ajratib, yaqqol ko‘rinadigan tarzda qo‘yilishi lozim.

VVS rus xizmatining ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyada va ko‘plab MDH davlatlarida ijtimoiy tarmoqlarda reklama xarakteridagi matnlarni markirovka qilish tartibi haqida alohida qonunchilik tartibi mavjud emas.

Reklama faoliyatini nazorat qilish va iste'molchi huquqlarini himoya qilish boshqarmasi bergan axborotga ko‘ra, reklama qilish tartibiga rioya etish bo‘yicha xabardorlikni oshirish choralari ko‘rib chiqilmoqda. Telegram kanallarining administratorlariga xat orqali murojaat qilinib, ular belgilangan qonun talablariga rioya qilish bo‘yicha ogohlantirilgan.

Mashhur shaxslar, «yulduz»lar o‘z muxlislarining ishonchini va boshqalarning iste'molchilik huquqini hurmat qilish etikasi hamda qonunga bo‘ysunish zaruratini ko‘zdan qochirmasligi lozim.

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid
Top