10:00 / 19.03.2019
38917

Harbiy prokuratura qo‘mondon buyrug‘ini bekor qildirdi

Har qanday sohada ba'zan kichik bir voqea yoki tushunmovchilik sabab bo‘lib bir inson taqdiri hal bo‘lib ketishi, o‘z sevgan kasbidan bir umrga chetlatilishi ham mumkin. Bu holatdan harbiy soha ham mustasno emas. Farqi shundaki, harbiy xizmatchilar kamdan-kam holatlarda huquqlarini tiklash uchun murojaat qilishadi. Harbiy prokuratura ana shu holat bo‘yicha yaqinda bir masalani o‘rganib oxiriga yetdi.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, harbiy xizmatchi B.B. o‘ziga biriktirilgan harbiy mashinada ketayotganida mashinada nosozlik yuzaga keladi. Uni bartaraf etish uchun esa ma'lum manzilga borib, kerakli jihozlarni olish kerak bo‘ladi, mashina esa yurmaydi.

Harbiy xizmatchi noiloj, quroldoshi A.A.dan uning shaxsiy mashinasida ehtiyot qismlar olib kelishni iltimos qiladi, benzinni ham o‘zi topib berishini aytadi va yuk mashinadan benzin olib berayotganida harbiy komendant voqeaga guvoh bo‘ladi.

Oradan bir necha kun o‘tib ana shu voqea asos qilib olinib, ikki harbiy xizmatchining ham shartnomasi bekor qilinib, ular zaxiraga bo‘shatiladi.

Yuqoridagi holat bo‘yicha to‘liq surishtiruv o‘tkazilmagani, harbiy xizmatchilar harbiy qo‘mondon qabuliga kirishga harakat qilib, bunga erisha olmagani uchun aslida nima bo‘lgani yuzaga chiqmay qoladi.

Samarqand harbiy prokuraturasi tomonidan mazkur ish to‘liq o‘rganib chiqildi. Tergovga qadar tekshiruv o‘tkazildi, nima uchun nosozlik yuzaga kelganida nizomga amal qilinmagani, guvohlarning ko‘rsatmalari va boshqa barcha holatlar tahlil qilindi.

Nihoyat, sud muhokamasida har ikki harbiy xizmatchi xizmat faoliyati davomida harbiy qismga tegishli bo‘lgan avtomashinaning texnik nosozligini bartaraf etish maqsadida shunday yo‘l tutishgani, chindan ham o‘sha kuni avtomashina texnik nosoz holatda bo‘lgani o‘z tasdig‘ini topdi. Ma'lum bo‘lishicha, yuqoridagi harbiy xizmatchilar shu voqea ro‘y bergan kungacha biror marta intizomiy jazo ham olmagani, harbiy qism qo‘mondonligi tomonidan ijobiy tavsiflangani ham e'tiborga olindi.

Sud harbiy xizmatchilar B.B. va A.A.ning xizmatga qayta tiklash to‘g‘risidagi arizasini qanoatlantirdi.

Mavzuga oid
Top