09:35 / 26.03.2019
16757

Dunyoning eng yaxshi o‘qituvchisi bir million dollar mukofot pulini qanday sarflashini ma’lum qildi   

Foto : Government of Dubai

Dubayda 24 mart kuni o‘qituvchi kasbi uchun qo‘shgan ulkan hissasi uchun 1 million dollar mukofot puli bilan taqdirlangan keniyalik rohib Piter Tabichi mukofot pulini maktabini jihozlash va mahalliy aholiga yordam berish uchun sarflamoqchiligini ma’lum qildi.

Hind tadbirkori Sanni Varkey tomonidan ta’sis etilgan ushbu mukofot sovrindori bo‘lgan 36 yoshli Tabichi Keniyadagi qishloq maktabida tabiiy fanlardan saboq beradi.

Ma’lum qilinishicha, u ishlaydigan maktabda bor-yo‘g‘i bir dona kompyuter mavjud va bir o‘qituvchiga 58 o‘quvchi to‘g‘ri keladi.

Tabichi BAAning The National nashriga bergan intervyusida u olgan pullarini maktabda ilmiy laboratoriya qurish va kompyuter texnikasi sotib olishga sarflamoqchiligini aytgan. U, shuningdek, yegulik muammosini hal qilish uchun mahalliy aholiga qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklar yetishtirishni o‘rgatmoqchi.  

“Men zamonaviy maktabga ega bo‘lish va mahalliy aholiga yordam beradigan loyihalarni amalga oshirishni istayman. Mening yurtimda nochorlar ko‘p va oziq-ovqat kam”, deb aytgan keniyalik o‘qituvchi.  

Tabichining aytishicha, u avval nufuzli xususiy maktabda ishlagan, biroq keyinchalik ataylab nochor hududlardagi maktablarda ishlay boshlagan. U 7 yil avval rohibga aylanib, maoshining 80 foizini muhtojlarga bera boshlagan.

Mavzuga oid
Top