12:19 / 15.04.2019
8866

Janubiy Koreya prezidenti KXDR yetakchisi bilan muzokaralarga tayyorgarlik haqida ma'lum qildi

Foto: AP Photo / Pyongyang Press Corps Pool

Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In KXDR yetakchisi Kim Chen In bilan muzokaralarning to‘rtinchi raundiga tayyorgarlik ko‘rmoqda, bu haqda u dushanba kuni o‘z ma'muriyatidagi yig‘ilishda ma'lum qildi. «Ryonxap» mahalliy axborot agentligi shu haqda xabar tarqatdi.

«Hozir Janub va Shimol o‘rtasida oliy darajadagi muzokaralarga to‘laqonli tayyorgarlik ko‘rish vaqti keldi», - deya prezidentning so‘zlarini keltiradi agentlik. Uning baholashicha, KXDR ham «muloqotni davom ettirish istagini ko‘rsatdi».

Bundan oldin, KXDR yetakchisi Kim Chen In AQSh prezidenti Donald Tramp bilan uchinchi sammitni o‘tkazishga tayyor ekani haqida ma'lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bilan munosabatlar Xanoydagi oxirgi uchrashuv muvaffaqiyatsiz bo‘lganiga qaramasdan, yaxshi darajada saqlanib qolmoqda.

Kim Chen Inning qo‘shimcha qilishicha, uchinchi sammitni o‘tkazish uchun AQSh hukumati Koreya yarim orolini yadrosizlantirish yuzasidan muzokaralarga o‘z yondashuvini o‘zgartirishi kerak. Uning qayd etishicha, joriy yil oxirigacha Vashington bunday «jasur» qaror qabul qilishini kutishga tayyor.

«Rais Kim Chen Inning bunday xohishini yuqori baholayman va mamnuniyat bilan qabul qilaman», - dedi Mun Chje In.

Mavzuga oid
Top