07:57 / 24.04.2019
7694

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilaridan qator hujjatlarni talab qilish taqiqlandi 

Foto: Shutterstock

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “Tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda ma'muriy tartib-taomillarni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.

Tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilaridan quyidagilarni talab qilib olish taqiqlandi:

ruxsat etuvchi xarakterga ega hujjatlarni berishda va eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda – karantin ostidagi mahsulotlarni eksport va import qilishda zararsizlantirish (fumigatsiya) dalolatnomasini;

eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda – o‘rov varag‘ini;

import qilinayotgan tovarlarga vakolatli organlar tomonidan ruxsat beruvchi hujjatlar va muvofiqlik sertifikatlarini berishda –O‘zbekiston Respublikasi bojxona hududiga kelganlik to‘g‘risida belgi qo‘yilgan tovarlarning kuzatuv hujjatlarini (tovar-transport yuk xati, invoys, hisob-faktura va boshqalar);

vakolatli organlar tomonidan beriladigan hujjatlarni olishda – ishonchnomalarni;

import tovarlariga muvofiqlik sertifikatini berishda – normativ hujjat nusxasi, sanitar-epidemiologik xulosa nusxasini;

vakolatli organlar tomonidan ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarni berishda – ishlab chiqaruvchi mamlakat to‘g‘risida sertifikatni;

2020 yil 1 yanvardan boshlab tovar va transport vositalarining bojxona rasmiylashtiruvida, shuningdek, import qilinadigan tovarlarga muvofiqlik sertifikatini berishda – xalqaro shartnomalarda maxsus qog‘oz blankalarda rasmiylashtirishni talab qiladigan hujjatlardan tashqari, vakolatli organlar tomonidan qog‘oz shaklida beriladigan ruxsat beruvchi xarakterga ega hujjatlarning asli va nusxalari.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

veterinariya ruxsatnomalarini, fitosanitariya va veterinariya sertifikatlarini rasmiylashtirish uchun eksport qilishdan 30 kun oldin ariza bilan murojaat qilish zarurati to‘g‘risidagi talab bekor qilinadi;

karantin ruxsati va ekologik sertifikatini berish muddati ularni olish uchun qonunchilikda nazarda tutilgan hujjatlar ilova qilingan holda ariza berilgan kundan boshlab 5 ish kunidan oshmasligi kerak;

tovarlar va transport vositalari, agar mazkur tovarlar va transport vositalari qonun hujjatlariga muvofiq fitosanitariya va veterinariya nazoratiga tegishli bo‘lmasa, ularni fitosanitariya va (yoki) veterinariya nazoratidan o‘tkazish taqiqlanadi;

tranzit orqali O‘zbekiston Respublikasi hududidan o‘tuvchi karantin ostidagi tovarlarni karantin tekshiruvidan o‘tkazish haq olinmagan holda amalga oshiriladi;

bojxona yuk deklaratsiyasi “sariq” yo‘lakdan “qizil” yo‘lakka o‘tkazilgan holda mazkur o‘tkazishni amalga oshirgan xodim tomonidan bojxona tekshiruvini o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Mavzuga oid
Top