10:12 / 27.04.2019
18848

Loy ko‘chalar va xavfli simyog‘ochlar. Qarshidagi mahallaning muammolariga yechim bormi?

Bu yilgi bahor faslining seryog‘in kelishi respublikaning turli hududlarida istiqomat qilayotgan aholi uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqardi.

Ayniqsa, tinimsiz yog‘gan yomg‘ir shundoq ham issiq kunlarda chang arimaydigan, yog‘ingarchilikda loyga aylanadigan olis qishloqlar yo‘llari yanada abgor bo‘lishiga sabab bo‘ldi.

Kun.uz tahiriyatiga Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi Otchopar mahallasidan bir qator muammolari bilan murojaat qilgan fuqarolarni qiynayotgan masalalarni o‘rganish jarayonida shunday holatga guvoh bo‘ldik.

«Mahallamizdagi Mustaqillik nomli ko‘chaning 5-22 kvartallari orasidagi yo‘llar botqoqqa aylandi. Farzandlarimiz uzoqdagi maktabga borib kelishga qiynalishmoqda. Sababi, bu yerda maktab ham, bog‘cha ham yo‘q. 3-4 kilometrga maktabga qatnashga majbur. O‘zimiz yurishga qiynalayotgan bunday botqoq yo‘lda farzandlarimiz qanday yursin? Yana bir muammomiz bu elektr energiyasidir. Simyog‘ochlar talabga javob bermaydi. Shu yerdagi aholi pul yig‘ib, qo‘lbola qilib o‘rnatganmiz. Uy raqamlarida ham chalkashliklar bor. Ayrim uylarga bir xil raqam berilgani uchun to‘lov qog‘ozlari ham adashib keladi. Qarzi yo‘q xonadonga asossiz qarzlar yoziladi. Muammolarimiz ko‘p, ammo bir necha yillardan buyon hal bo‘lmay kelmoqda», – deydi Bekzod Sattorov.

Ushbu e'tirozlar asosida «Otchopar» mahallasi Mustaqillik ko‘chasi 5-22 kvartallar oralig‘idagi e'tirozlarga sabab bo‘layotgan holatlarni ko‘zdan kechirdik. Yo‘llarning holati haqiqatan ham achinarli. Suv va loyga aylangan yo‘llardan zo‘rg‘a harakatlandik. Maktabga qatnaydigan bolajonlarning bu botqoqda harakatlanishi va achinarli ahvolini his qildik.

Simyog‘ochlar juda past joylashgan va aholi uchun xavf tug‘diradigan darajada. Sababi, bu simyog‘ochlarni aholi o‘z mablag‘lari hisobiga qo‘lbola qilib o‘rnatishgan. Aholining aytishicha, simyog‘ochlar pastligi tufayli ularni cho‘p bilan o‘ynagan yosh bolalarning ikki nafarini tok urgan.

Qizig‘i, mahallaning ushbu qismidagi aholi xonadonlari va loy ko‘chalar ustidan yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i o‘tgan. Bu umuman mumkin bo‘lmagan holat. Yuqori kuchlanishli elektr energiyasi tarmog‘i sababli aholi doimo xavfda yashashga majbur. Aholiga qanday tartibda, qanday holatda bunday tarzda uy qurishga ruxsat berilgani, yer ajratilgani tushunarsiz holat. Xavfsizlik talablari umuman hisobga olinmagan.

Mahalladagi mazkur holatlar va fuqarolar bildirgan e'tirozlar asosida Qarshi shahar hokimligi mutasaddilari bilan uchrashdik.

«Albatta, aholi bildirayotgan e'tirozlar o‘rinli. Yo‘llar abgorligini ko‘rib turibmiz. Ammo mazkur mahalla shu yilgi «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan. Dasturda mahallaning 11 kilometr ichki yo‘li ikkinchi chorakkacha muddatda ta'mirlanishi belgilab qo‘yilgan. Ayni vaqtda yog‘ingarchilik tufayli yo‘llarda ta'mirlash ishlarini olib borishning imkoni yo‘q. Simyog‘ochlar va yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i ostiga uy va yo‘llar qurilishi masalasiga kelsak, bu holat shaharning avvalgi mutasaddilari aybi bilan yuzaga kelgan. Mumkin bo‘lmagan joydan uy-joy uchun yer ajratib berishgan. Tegishli hujjatlar tayyorlab berilgan. Aholi shu asosida uy-joylar qurishgan. Bunday holatga yo‘l qo‘yganlar tegishli javobgarlikka tortilgan. Endi esa butun mahallani ko‘chirishning imkoni yo‘q», – deydi Qarshi shahar hokimligi qurilish bo‘limi mutaxassisi Xurshid Ziyatov.

O‘rganishimiz davomida «Otchopar» mahalla fuqarolar yig‘ini idorasida bo‘lib, mahalla raisi Parmon Chorshanbiyev bilan suhbatlashdik.

«Tegishli dasturlar asosida mahalladagi muammolarni hal etish bo‘yicha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Yo‘llar ta'miri «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan.  Maktab masalasiga kelsak, 2020 yil dasturiga ushbu kvartallar oralig‘ida maktab qurilishi rejalashtirilgan. Maktab qurilishi uchun yer ham ajratilgan», – deydi mahalla raisi.

Hujjatlarda uylarning raqamlanishidagi chalkashliklar yuzasidan Qarshi shahar hokimligi huzuridagi uy-joy bo‘limi mutaxassisi Mahmud Otamurodov izoh berdi.

«Uylarning raqamlanishidagi noaniqliklar yillar davomida yuzaga kelgan va buning turli sabablari bor. Qaysidir holatda xonadon egalarining, qaysidir holatda tegishli mutasaddilarning ham aybi bor. Shuning uchun ayni vaqtda mutaxassislardan iborat ishchi guruhi xatlov qilishni boshlagan. Yil oxirigacha bu muammo bartaraf etiladi», – deydi mutasaddi.

Mahalladagi xavfli simyog‘ochlar va yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i haqida Qarshi shahar «Elektr ta'minot» korxonasi mutasaddisi Shuhrat Xudoyberdiyev bilan ham suhbatlashdik.

«Aholi o‘zlari o‘rnatib olgan simyog‘ochlar korxona balansiga olinmagan. Ammo bu muammodan xabarimiz bor. Bu borada tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. Yuklamani kamaytirish uchun dastur asosida qo‘shimcha transformator o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Simyog‘ochlarni almashtirish choralari ham ko‘riladi. Yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘iga kelsak, tegishli tartibdi muhofaza hududi yer ajratilishida hisobga olinishi kerak edi. Haqiqatan ham bu holat mumkin emas va xavfsizlik talablariga javob bermaydi», deydi – u.

O‘rganish davomida Qarshi shahar hokimligi mutasaddilari mahalladagi mavjud muammolarning ijobiy yechimi bo‘yicha va'dalar berdi. Ayrim masalalar manzilli dasturlarga kiritilib, muddatlari belgilangani ma'lum qilindi.

Ushbu va'dalar va'daligacha, dasturda belgilangan ishlar qog‘ozda qolib ketmasa, «Otchopar» mahallasi aholisini qiynayotgan muammolar ijobiy yechim topadi, albatta.

Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,
«Kun.uz» muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top