08:15 / 27.04.2019
37465

Paxtakor tumanidagi 34 fermerning bo‘yniga 1 mlrd 300 mln so‘mdan ziyod mablag‘ qo‘yilgani sababi nima?

«Bugun tilimizga yangi atama — klaster kirib keldi. Qisqa qilib aytganda, paxta yetishtirishdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga qamrab olgan mazkur usul paxtachilikni yanada rivojlanishiga xizmat qilishi kerak. Jizzax viloyati, Paxtakor tumani «Amir Temur» va «Guliston» massivlarida aynan shu usulni qo‘llash maqsadida yaxshi niyatlar bilan O‘zbekiston – Amerika qo‘shma agroklasteri tashkil etildi.

Bizning roziligimiz bilan tuman hokimligi zaxirasiga o‘tkazilgan eng unumdor 2 ming gektar yer maydoni klasterga berildi. Tumanda paxtachilikni rivojlantirish uchun xizmat qiladigan klasterni ish boshlashi qishloq xo‘jaligida yaxshi natijalarga erishishiga shubha qilmaymiz. Ko‘plab ish o‘rinlari yaratiladi. Biz ham ana shu niyatda yerlarimizni hech bir qarshiliksiz, o‘z ixtiyorimiz bilan topshirdik. O‘zaro kelishuv va davlat rahbarining «Jizzax viloyatida zamonaviy agroklasterni tashkil qilish to‘g‘risida»gi №4009-sonli qaroriga asosan bizga zararlarni to‘liq qoplash haqida va'da berishdi.

Biroq o‘tgan 2018 yilning noyabr oyidan beri Paxtakor tumani hokimligi hamda O‘zbekiston – Amerika qo‘shma agroklasteri orasida sarsonmiz. G‘alla yetishtirish maqsadida olingan imtiyozli kreditlarimiz va bir qator agrotexnik tadbirlar uchun ketgan xarajatlarni to‘lashni zimmasiga olgan mas'ullar «ertaga keling, albatta beramiz», deya quruq va'dalar berishdan nariga o‘tmaydi. Buning natijasida Forish tumani iqtisodiy sudi qaroriga asosan, biz qarzdor bo‘lib qoldik. Ushbu muammoni yechishda yordam berishingizni so‘raymiz», — deb yozishgan tahririyatimizga paxtakorlik fermerlar.

Murojaatni o‘rganish maqsadida Paxtakor tumani, Amir Temur jamoa xo‘jaligidagi «Guliston» SIU hududida faoliyat yuritgan fermerlar bilan uchrashdik.

— O‘tgan 2018 yil noyabr oyida prezidentning «Jizzax viloyatida zamonaviy agroklasterni tashkil qilish to‘g‘risida» gi № 4009 sonli qaroriga asosan Paxtakor tumanida «Silverleafe BMB Agro Trade Group» qo‘shma korxonasiga tumandagi «Guliston» SIUdan 2 ming gektar yer ajratib berildi. Klaster tashkil qilish uchun berilgan O‘sha 2000 gektar yerning 921 gektariga oktabr oyida g‘alla ekilgandi. G‘alla uchun davlatdan urug‘ va bankdan imtiyozli kredit olganmiz, fermer xo‘jaligidagi ishchilarga g‘allani ekish, sug‘orish va agrotexnik tadbirlar uchun yonimizdan maosh to‘laganmiz. G‘alla esa o‘z-o‘zidan unmaydi.

Xullas, Paxtakor tuman hokimining «Yer maydonlarini zaxiraga olish» to‘g‘risidagi 1256-sonli qaroriga asosan fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan yerlar tuman hokimligi zaxirasiga o‘tkazildi va klasterga berildi.

Tabiiyki, 2019 yil uchun ekilgan g‘alla maydonlari tekislab tashlandi. Biz albatta klaster tashkil qilinganiga xursand bo‘ldik. Qarorga asosan yanvar oyigacha bizga barcha xarajatlar to‘lanishi lozim edi, ammo bizga noaniq sabablarga ko‘ra bu ish orqaga surilaverdi.

Bir necha marta tuman hokimi Shukrullo Boboyevga uchrashdik. Har safar borganimizda tuman hokimi bizga qo‘shma korxona rahbari janob Den Patterson hali Amerikadan kelmaganini, kelsa albatta qarorda ko‘rsatilgan xarajatlar to‘lanishini va'da qildi.

Biz «Jizzax Don mahsulotlari» AJdan 34 nafar fermer jami 586 million so‘mga urug‘ olganmiz. 504 million so‘m imtiyozli kredit ham bizning zimmamizda. Fermer xo‘jaligidagi ishchilarimiz bilan 170 million so‘m miqdorida ish haqlarini to‘lash uchun shartnoma tuzganmiz.

Xullas, bizga o‘sha klasterning moliyaviy direktori Sherzod Inomov barcha xarajatlarni hisoblab olib kelishimizni aytdi. Biz barcha xarajatlarni hisoblab tegishli hujjatlarni olib borib berdik. Ammo hech qanday natija bo‘lmadi. Belgilangan muddat yaqinlashdi.

Kuni kecha bizni sudga chaqirishdi. «Jizzax Don mahsulotlari» AJ sudga da'vo ariza kiritibdi. Bank ham, albatta, ertaga sudga da'vo ariza bilan murojaat qilishi tabiiy. Dard ustiga chipqon deganlaridek fermer xo‘jaliklarida mehnat qilgan ishchilarimiz ham o‘z ish haqlarini undirish uchun turli idoralarga arz qilishmoqda. Alam qilgani — hech kimning biz bilan ishi yo‘q. Kimdir bizni ham yonimizdan chiqib, dardimizni his qilib eshitadimi, muammolar hal bo‘ladimi? — deydi Shuhrat Nuriddinov.

— Murojaat qilmagan joyimiz qolmadi. Jizzax viloyat Xalq qabulxonasiga ham bordik. U yerda bizga advokat olishni maslahat berishdi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, bu yerda advokatga hojat bormi? Davlatimiz rahbarining qarorida aniq-tiniq qilib xarajatlar to‘lanishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsa. Yana qanday isbot, dalil kerak? Biz korxona rahbari Den Patterson kimligini ham bilmaymiz va tanimaymiz, u bilan suhbatlashishga imkonimiz ham yo‘q. Biz bilan yanvar oyigacha xushmuomalalik bilan, barcha xarajatlar to‘lanishini va'da qilgan qo‘shma korxonaning moliyaviy direktori Sherzod Inomov endi pullarni tuman hokimidan undirib olishimizni ta'kidladi.

Barcha xarajatlar ayni kunda 1 mlrd 311 mln 756 ming 392 so‘mni tashkil qiladi. Sudning qaroriga ko‘ra ushbu mablag‘ bir oy muddat ichida to‘lanishi lozim. Biz bu summani qanday to‘laymiz? Oramizda ishsizlar bor. Ertaga MIB xodimi kelib uyimizdagi bor-budimizni olib chiqib ketsinmi? Kimga murojaat qilaylik. Paxtakor tumani hokimi Shukrullo Boboyev tayinli javob bermasa, qo‘shma korxonadagi mas'ullar ertaga-indinga deb aldasa, — deydi Tangir Yo‘ldoshev.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida tuman hokimligidagi qishloq xo‘jaligi bo‘limi mutaxassisi Farhod Mirzayevga uchraganimizda. U bo‘lim mutaxassisi «fermerlarning chigal muammosidan qisman xabari borligini, ayni kunda bu masala qanday yechim topganligidan xabari yo‘qligini, barcha hujjatlar tayyor ekanligini, qo‘shma korxona bilan hisob kitoblar bo‘lib o‘tganligini, lekin nega pul berish masalasi kechikayotganligini aniq bilmasligini bu masala bo‘yicha tuman hokimi albatta batafsil javob berishini», aytib o‘tdi.

Paxtakor tumani hokimligi qishloq xo‘jaligi bo‘limidan aniq bir ma'lumot ololmagach. «Silverleafe BMB Agro Trade Group» Amerika – O‘zbekiston qo‘shma klasteri moliyaviy direktori Sherzod Inomovga bog‘landik. Fermerlarning e'tiroziga Sherzod Inomov qo‘yidagicha javob qildi.

— Sizga qisqa va lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsam, biz respublika rahbarining №4009-sonli qarorida belgilab qo‘yilgan tegishli bandlarni bajarishni o‘z bo‘ynimizga olganmiz. Aynan xarajatlarni qoplash masalasi bo‘yicha kerakli hisob-kitoblarni qilib bo‘ldik. Paxtakor tumani hokimligida tashkil etilgan ishchi guruhi bilan hamkorlikda ishladik. Aslida, men bu korxonada moliyaviy direktorman. Korxona rahbari ayni paytda chet elda, shu hafta kelishi mo‘ljallangan. Investor, ya'ni korxonamiz rahbari kelishi bilan, albatta pullar to‘lab beriladi. Fermerlarning e'tiroziga qo‘shilmayman. Biz har safar ularga xuddi shu mazmunda javob qilganmiz. To‘lovning kechikishiga sabab esa bitta — hisob-kitob masalalari biroz cho‘zildi.

«Yolg‘onlarga ortiq ishonmaymiz, bu va'dalar takrorlanaverib yod bo‘lib ketgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Olti oydan oshiq vaqt o‘tdi axir! Uch oy oldin ham xuddi shu va'dani eshitganmiz. Ishonganimiz oqibatida sudga chaqirishdi. Keyin nimalar bo‘lishi esa noma'lum», — deydi murojaatchi fermerlar.

Murojaatchilarning aytishicha vaziyatdan nafaqat tuman hokimligi balki Jizzax viloyati hokimligi ham xabardor. Lekin hech qanday ijobiy natija yo‘q. Ushbu masala bo‘yicha viloyat hokimi muovini Mahmud Xolbo‘tayevga qo‘ng‘iroq qilib bog‘landik. Mahmud Xolbo‘tayev fermerlar hech qachon viloyat hokimligiga ushbu muammo yuzasidan murojaat qilinmaganini, bizni ishtirokimizda fermerlar bilan yuzma-yuz suhbatlashishini, barcha masalalarda fermerlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri viloyat hokimligi bilan bog‘lana olishini, bunday ma'lumot bekor ekanligini ta'kidladi.

— Prezidentni «Jizzax viloyatida zamonaviy agroklasterni tashkil qilish to‘g‘risida»gi № 4009 qarori bor, unda ko‘rsatilgan har bir band e'tirozsiz bajariladi. Shunga ko‘ra, biz barcha hisob kitoblarni qilib oldik. Hisob-kitoblarga ko‘ra 1 mlrd 890 ming so‘m pul mablag‘i tez kunlarda to‘lanadi.

Hamma hujjatlarni «Silverleafe BMB Agro Trade Group» qo‘shma korxonasiga taqdim qildik. Ular ham birma-bir tekshirib ko‘rib chiqishdi. Rostini aytadigan bo‘lsak, korxona bizdan bir qancha muddat ushbu xarajatlar masalasini ortga surishni iltimos qilishdi. Buning sababi shundaki, korxona hali o‘z faoliyatini to‘liq boshlamadi. Ayni kunlarda ular 8 million AQSh dollarga yangi texnologiyalarni sotib olib kelishdi. 344 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kirityapti. Yangicha sug‘orish tizimini joriy etish maqsadida 100 million AQSh dollari atrofida ish bajarilyapti. Tez kunlarda xarajatlar qoplanadi. Bunga barcha imkoniyat va sharoit ham bor, — deydi Shukrullo Boboyev.

Bugun yurtimizda investitsiya muhitini yaxshilash, iqtisodiyotni tubdan modernizatsiya qilish uchun katta miqyosda islohotlar olib borilyapti. Bu borada kerakli va zarur hujjatlar qabul qilindi. Yillar o‘tib ezgu ishlar samarasini ko‘rishdan umidvormiz. Biz bilan suhbat chog‘ida tuman hokimi Shukrullo Boboyev biz investorlarni cho‘chitib qo‘ymasligimizni ular har qanday holatda ham «mehmon» ekanligini va buni aslo unutmasligimizni va bunday vaziyatlarda ularning erkaligini ko‘tarib masalaga hech qachon bir yoqlama yondashmasligimizini ta'kidlab o‘tdi. Bizdan talab qilingani ham xolislik.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Bizga ma'lum bo‘lishicha, O‘zbekiston – Amerika qo‘shma klasteriga tumandagi eng unumdor yerlar berilgan. Shu vaziyatda aynan paxtachilikni rivojlantirish uchun eng so‘nggi rusumdagi texnikalar bilan ta'minlangan klasterga Paxtakor tuman hokimligi zaxirasidagi yerlar berilganida fermerlar o‘z faoliyatlarini davom ettirish bilan bir qatorda qarzdorlik balosiga giriftor bo‘lishmas edi.

Yana bir gap. Biz ko‘pincha o‘zbekchilik deymiz, mehmonni hurmatini joyiga qo‘yishga harakat qilamiz. Ammo aynan shu «o‘zbekchiligimiz» ba'zi hollarda oyog‘imizga bolta urmayaptimikan? Ham yeridan, ham hosildan ayrilgan fermerlar bo‘yniga tushayotgan katta qarzdan qutilish uchun sarson bo‘layotgan bir vaqtda, investorlar bilan «mehmon-mehmon» o‘ynash joizmikan?

Bugun halovati buzilgan fermer uchun har bir daqiqa, soat va kun g‘animat, olti oydan beri mahalliy hokimiyat, klaster va turli mas'ul idoralar eshigida sarson bo‘layotgan fermerlar dodini kim eshitadi? Ularning ko‘ngliga kim qaraydi?

Gulchehra ShARIPOVA,
Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top