19:20 / 28.04.2019
196714

«Oxirgi raund»: Jahongir Ortiqxo‘jayev qurilishlari buzilgan investor bilan kameralar qarshisida bahslashdi

2018 yilning noyabr oyida Kun.uz tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayev murojaati asosida surishtiruv o‘tkazgandi. Bu murojaat bo‘yicha tayyorlangan «Bir kunda 600 ming dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotdim». Toshkentda tadbirkor qurayotgan uylar buzib tashlandi» sarlavhali maqolada tadbirkorning Mirzo Ulug‘bek tumani «Avayxon» mahallasi hududida qurilayotgan 3 qavatli turar-joy binosi shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev nazoratida buzib tashlangani bayon qilingandi.

Ma'lum muddat o‘tgach, «snos» mojarosi chet el ommaviy axborot vositalarida ham yoritildi. Muhammadbobur Xo‘jayev Toshkent shahri hokimini shahardagi qurilish bozorini «monopoliyaga aylantirish»da, arzon uy qurayotgan tadbirkorni «qurilish bozoridan siqib chiqarish»da ayblagandi.

Joriy yilning 5 aprel kuni Toshkent shahar hokimligida jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘layotgan muammo yuzasidan matbuot uchun brifing bo‘lib o‘tdi va unda tanganing ikkinchi tarafi ham ko‘rindi. Shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev brifingda muammo yuzasidan fikrlarini aytib o‘tdi va investor bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazishga tayyorligini ma'lum qildi.

«Tadbirkor Muhammadbobur Xo‘jayevni umrimda ko‘rmaganman, gaplashmaganman ham. Men to‘g‘rimda ommaviy axborot vositalarida har xil fikrlar bildirmoqda. Tadbirkor bilan alohida ham, ommaviy axborot vositalari oldida ham suhbatlashishga tayyorman. Marhamat, kelsin», - degandi shahar hokimi.

Shundan so‘ng, investor ham muloqotga ochiq ekanini bildirgandi.

«Menda unga qarshi dalillar bo‘lgani sabab shunday fikrlar bildirishga majbur bo‘ldim. Balki, uning atrofidagi yoki mening atrofimdagilar shunday nizolardan manfaatdordir. Har xil gaplar tarqalmoqda. Shularning oldini olish uchun meni eshitishsa, shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bilan ochiq muloqotga tayyorman», - deya javob qaytargandi investor Muhammadbobur Xo‘jayev.

27 aprel kuni Toshkent shahar hokimligi binosida Jahongir Ortiqxo‘jayev va investor Muhammadbobur Xo‘jayev o‘rtasida ochiq suhbat bo‘lib o‘tdi. Suhbatga ommaviy axborot vositasi vakillari ham taklif etildi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Avvaliga Jahongir Ortiqxo‘jayev Muhammadbobur Xo‘jayevga o‘z fikrlarini istalgan tilda bildirishi mumkinligi va uning so‘zini oxirigacha eshitishini ma'lum qildi.

Investor shahar hokimini tet-a-tet (alohida yuzma-yuz) shaklda suhbatlashishga chorladi. Bunga javoban hokim hech kimdan yashiradigan siri yo‘qligi va barchaning ko‘z o‘ngida bahslashishga tayyorligini bildirdi.

«Mening xalqdan ham, ommaviy axborot vositalaridan ham yashiradigan sirim yo‘q. Aslida deputatlar qilishi kerak bo‘lgan ishni jurnalistlar qilmoqda. Muammolarni ular yoritishmoqda. Ulardan hammamiz minnatdormiz.

Shu vaqtga qadar, istaganingizcha, mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalarida meni yomonlab chiqishlar qildingiz. Hozirgacha indamay, javob qaytarmay keldim. Siz esa andishaning otini qo‘rqoq qo‘ydingiz. Bugun ularning oldida oshkora gaplashib, muammoni hal etishimiz kerak», - dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Investor brifing tarzida suhbatlashishga tayyor emasligi, faqatgina muammoni tinch yo‘l bilan hal etmoqchiligi va uning huquqshunoslari ham bunday bahsda qatnashishi zarurligini bildirdi. Shahar hokimi brifingdan so‘ng, alohida ham gaplasha olishini ma'lum qildi.

Shundan so‘ng, bahsni investor avval ham OAV orqali aytgan gaplarini takrorladi.

«Men qurilish ishlari bilan shug‘ullanadigan investorman. Bir muddat avval Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligidan vakil bo‘lib Elshan Azizov degan shaxs keldi. «Avayxon» mahallasida ichki ishlar xodimi uchun bino qurishim kerakligi, bo‘lmasa, tumandagi binolarim buzilishga tushishi mumkinligini aytdi. Rozi bo‘lib ichki ishlar xodimlari uchun bino qurdim.

Ochilish marosimiga bosh vazir Abdulla Oripov va siz ham kelgandingiz. Keyinroq Yunusobod tumanidagi uyda ro‘y bergan is gazi bilan bog‘liq voqeani asos qilib hali bitkazilmagan uch qavatli uyimni buzdirib tashladingiz», - dedi u.

Shahar hokimi «hech kimga sud qarorisiz uyni buz demagani, kerakli ko‘rsatmalarni bergani»ni aytib, «har bir holatni aniq dalillar bilan asoslab gapirish»ni so‘radi va tadbirkorning qolgan mulklari qonun asosida hal etilishini aytdi.

Tadbirkor tuman va shahar hokimligidan bir necha shaxs u qurgan uylarga kelib, unga qarshi materiallar to‘plashganidan shikoyat qildi. Shahar hokimi esa har bir fuqaro bilan shaxsan ishlash prezident talabi ekani va shu sababdan hokimiyat vakillari murojaat asosida o‘z vazifasini bajarganini tushuntirdi.

Qayd etish kerakki, investor shu vaqtgacha huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudga o‘z boshiga tushgan ishlar yuzasidan murojaat qilmagan. Jahongir Ortiqxo‘jayevning nega bunday qilmagani haqidagi savoliga u O‘zbekistondagi sud va huquq tizimiga ishonmasligini aytib javob berdi.

Hokim bir vaqtlar investor tomonidan qurilgan, hokimiyat tomonidan uysiz kishilarga topshirilgan uylar masalasida izoh berdi.

«Birinchidan, bu uylarni hokimiyat sotib olib uysizlarga topshirmagan. O‘sha hududda yashovchi insonlarni ko‘rganimdan so‘ng rahmim keldi. Ularga albatta yordam berishni maqsad qildim. Shu maqsadda shaxsan bir necha tadbirkorga murojaat qildim. Chunki bu masalani bitta hokimiyat hal qila olmasdi. Budjetda ham juda kam mablag‘ qolgandi. Bu tashabbusda «Artel» va «Akfa» kompaniyalari ham qatnashdi. Beg‘araz homiyliklari evaziga uysizlar uyli bo‘lishdi», dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Ma'lum bo‘lishicha, «Artel» va «Akfa» xodimlari uysiz chin yetimlarga uy berishda ko‘maklashish uchun Muhammadbobur Xo‘jayevdan 37ta uy sotib olishni rejalashtirgan. Kompaniyalar budjetidan 4,5-4,8 milliard so‘m atrofida mablag‘ ajratilgan. Lekin hujjatlarda 37ta kvartira uchun 200 million so‘m miqdoridagi summa ko‘rsatilgan. Investor uylarni hujjat bo‘yicha 3-5 million so‘mdan sotgan. Notarius tasdiqlagan hujjatlarda summa juda past ko‘rsatilgan. Uylar narxi aslida 15-16 ming AQSh dollari atrofidagi summadan boshlab maydoniga qarab oshib borgan. Muhammadbobur Xo‘jayevga qarashli qurilish tashkiloti ishchilari kompaniya xodimlariga qolgan pulni naqd pul ko‘rinishida olib kelishini aytishgan. «Artel» va «Akfa» kompaniyalari xodimlari «Chorsu» bozoridagi o‘sha vaqtdagi «qora bozor»dan 500 ming AQSh dollariga yaqin valuta sotib olib, naqd pul ko‘rinishida qurilish tashkiloti rahbarlariga olib borib berishgan. Shundan so‘ng, uylar homiylik asosida tekinga uysiz insonlarga tarqatilgan.

Toshkent shahar hokimining birinchi o‘rinbosari Sherzod Xadjizadayevning ma'lumot berishicha, investorga qarashli korxonalar fuqarolarga jami 720ta uy sotgan. Agar barcha uy narxlari xuddi shunday narxi kamaytirilgan holda ko‘rsatilib rasmiylashtirilgan bo‘lsa, davlatdan yashirilgan daromad taxminan 22 milliard so‘mni tashkil qiladi. Bu bilan kerakli tashkilotlar shug‘ullanishi qo‘shimcha qilindi.

Shu bilan birga, investor tomonidan ishsiz qolgani aytilgan 600 nafar ishchi ham qonunda belgilanganidek korxonaga qonuniy tartibda ishga olinmagan. Aslida ular mehnat qonunchiligida belgilangan tartib asosida faoliyat yuritishi kerak bo‘lgani eslatib o‘tildi.

Shuningdek, shahar hokimi investor qurgan uylarni xalqaro miqyosda faoliyat yuritadigan mutaxassislar tomonidan ekspertizadan o‘tkazishni taklif qildi. Muhammadbobur Xo‘jayev bunga rozi bo‘lsa, ekspertiza mablag‘lari shahar hokimligi hisobidan qoplanishini, uylar belgilangan talablarga javob bermaydigan bo‘lib chiqsa, o‘sha yerdagi fuqarolar tomonidan ko‘rilgan zararlarni qoplab berish tadbirkor zimmasiga yuklatilishini aytdi.

«Men qonunga amal qilgan, soliqlarni o‘z vaqtida to‘laydigan halol tadbirkorni yaxshi ko‘raman. Unga vakolatim doirasida qo‘limdan kelgan barcha yordamni ko‘rsatishga tayyorman. Qonunan faoliyatingizni qayta yo‘lga qo‘yib davom ettirsangiz, marhamat, ko‘magimni ayamayman», dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Bahs ochiq va shaffof tarzda o‘tkazildi. Tadbir yakunlangach, hokim avvalboshda va'da berganidek, tadbirkor bilan alohida yuzma-yuz suhbatlashdi. Bu suhbat mazmuni hozircha ommaviy axborot vositalari vakillariga ma'lum qilinmadi.

Kun.uz jurnalisti Zafarbek Solijonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top