20:40 / 29.04.2019
12745

O‘zbekistonlik kursant Bekzod Nurmatov yana oltin medalni qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari akademiyasining 4-bosqich kursanti Bekzod Nurmatov Rossiyaning Vladivostok shahrida 24-29 aprel kunlari o‘tkazilgan jangovar samboning «A» seriyasiga kiruvchi chempionatda ham navbatdagi g‘alabaga erishdi.

Yevropa hamda Osiyoning 15 davlati, shuningdek, Rossiyaning 20dan ortiq viloyatidan kelgan 200 nafardan ziyod sambochilar Yaqin Sharq federal universiteti sport zalida «Yuriy Potapov memoriali» nomidagi 22-xalqaro turnirda o‘zaro kuch sinashdi.

82 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etgan hamyurtimiz Bekzod Nurmatov finalda rossiyalik kuchli raqib, Ivan Grachovga qarshi tatamiga chiqib, 9:0 hisobida mutlaq g‘alabaga erishdi. 

«Bekzod Nurmatov O‘zbekiston nomini jahon arenasiga olib chiqishi birinchi bor emas. U 2016 yili, Akademiyada 1-kursligidayoq Germaniyada o‘tkazilgan qo‘l jangi bo‘yicha xalqaro chempionatda kumush medalni qo‘lga kiritgan edi.

Uch karra Osiyo va xalqaro turnirlar g‘olibi, jahon chempioni hamda jahon kubogi sohibi Bekzod Nurmatov joriy yilning aprel oyi boshida Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida o‘tkazilgan aralash kurashning Gran-pri turkumiga kiruvchi «Batir bashi» IV etnoturnirida ham g‘alabaga erishib, chempionlik kamarini qo‘lga kiritgan edi», deyiladi Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabarida.

Top