17:33 / 01.05.2019
48115

Nuriymon Abulhasan bilan suhbat: muborak oy fazilatlari, ro‘za tutish odoblari va Ramazonning kirib kelish vaqti to‘g‘risida

Bir necha kundan so‘ng yurtimizga oylarning eng ulug‘i va azizi – Mohi Ramazon kirib keladi. Bu qutlug‘ oy fazilatini qancha gapirsak ham kam. Kun.uz tahririyati yurtimizda muborak oyga  tayyorgarlik, qilishimiz kerak bo‘lgan amallar, masjidlarimizda taroveh namoziga tayyorlanishlar haqida suhbatlashish uchun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan bilan suhbat tashkil qildi.

Nuriymon Abulhasan muborak oy fazilatlari, ushbu oyda qilishimiz kerak bo‘lgan amallar, ro‘za tutish odoblari, iftorlikning asl mohiyati, taroveh namozlariga tayyorgarlik jarayoni va Ramazon oyining kirib kelish vaqti to‘g‘risida so‘zladi.

«Avvalambor so‘zimning boshida shu fursatdan foydalanib O‘zbekiston musulmonlarini ushbu muborak oy bilan tabriklayman. Ushbu oy barchamizga fayzli va barokatli kelsin.

Hammamizga ma'lumki, bu oyda Qur'oni karim nozil bo‘lgan va bu oy boshqa oylarning sultoni deb e'lon qilingan. Biz bu oyni mehr-muruvvat, bir-birimizga yaxshilik qilish va hurmat-e'tiborda bo‘lish bilan o‘tkazishimiz kerak. Bu oyni faqat ezgu-amallar bilan, ibodatlar bilan musobaqalashadigan oy desak, xato bo‘lmaydi.

Alloh taolo o‘zining Qur'oni karimida aytadiki, mana shu oyda «farishtalar yerga nozil bo‘ladi va bu farishtalar musulmonlarni qilayotgan ezgu-amallariga guvohlikka o‘tadi. Bu amallar esa faqat Alloh taolo uchun qilinadi».

Boshqa ibodatlarning hammasini odam bolasi o‘zi uchun, o‘ziga manfaat keltirishi uchun qiladigan bo‘lsa, Ramazon oyida tutiladigan ro‘za faqatgina Alloh taolo uchun qilinadi. Ya'ni, bu ibodat Islom dinining 5ta arkonidan biri hisoblanadi. Ramazonda qilinadigan toat-ibodat, ming oydan afzal kecha shu yerda yashiringani uchun, boshqa oylarda qilinadigan ibodatdan ming karra ustun hisoblanadi.

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Nuriymon Abulhasan

Biz Ramazonga tayyorgarliksiz kiradigan bo‘lsak, bu oyning mohiyatini tushunmay qolishimiz mumkin. Sportchilar musobaqalarga yillab tayyorgarlik ko‘rishadi. Qay darajada tayyorgarlik qilgani uning g‘olib yoki mag‘lub bo‘lishiga sababchi bo‘ladi. Biz esa Ramazonda g‘olib bo‘lib chiqishimiz uchun hozirdan tayyorgarlik qilishimiz kerak. Yana bir oy ichida bir-birimizga faqat yaxshi gapirib, g‘iybatdan, fisq-u fasod, fujur va shunga o‘xshash boshqa illatlardan saqlanib, bir-birimizga chiroyli gaplar bilan murojaat qilishimiz, aynan ana shu odatlarni keyingi oylarga ham ibrat tarzida olib o‘tishimiz lozim.

Ramazon oyida o‘qiladigan Taroveh namozlariga bugungi kunda masjidlarimizda munosib tayyorgarlik olib borilmoqda. Har bir masjidga alohida e'tibor qaratilib, kun issig‘idan saqlaydigan suv purkagichlar o‘rnatilmoqda. Bundan tashqari, masjidlarda namozxonlar xavfsizligini ta'minlash borasida ham ishlar amalga oshirilmoqda. Bu yilgi Ramazonga Vazirlar Mahkamasining maxsus qarori tayyorlanmoqda va bu qaror ijrosi nafaqat poytaxtda, balki chekka hududlarda ham ta'minlanadi.

Ramazonda iftorlik qilishni to‘g‘ri tashkil qilishimiz va tushunishimiz kerak. Ya'ni, to‘q odamlarga emas, balki haqiqiy miskin odamni topib, ularga iftorlik qilib berishimiz lozim. Iftorlikka o‘zining qurbi yetadigan odamlarga iftorlik qilib, o‘zimizni o‘zimiz aldamasligimiz shart. Islomning haqiqatini gapirishimiz, shariat bizga qo‘yayotgan talablarni gapirishimiz lozim. Iftorlikka qilinadigan 7 xil ovqatdan chekinaylik, bir taomga qanoat qilaylik.

Ramazonning kirib kelish vaqti hilol, ya'ni yangi oy ko‘ringanidan so‘ng boshlanadi. Hozirda oyni kuzatish jarayoni davom etmoqda. Aniq sana ulamolar va olimlarning xulosasi, Qo‘mita tavsiyasi bilan Prezident tomonidan tasdiqlanadi va barchaga e'lon qilinadi.

Kirib kelayotgan Ramazon bilan yana bir bor barcha musulmonlarni chin yurakdan muborakbod etaman», - deydi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari.

Nuriymon Abulhasan bilan intervyuning to‘liq shaklini Kun.uz’ning YouTube va Mover’dagi sahifalarida tomosha qilishingiz mumkin.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

 

 

Mavzuga oid
Top