12:30 / 03.05.2019
9687

Bokuda London derbisi! Bu haqiqatga yaqin

Foto: Reuters

Londonning «Arsenal» va «Chelsi» klublari Yevropa Ligasining yarimfinali doirasidagi ilk uchrashuvlarda kerakli natijalarga erishishdi. Katta ehtimol bilan 29 may kuni ushbu ikki jamoa Ozarboyjon poytaxtida bir-biriga qarshi maydonga tushadi.

Yevropa Ligasi. 1/2 final. Birinchi o‘yin
«Arsenal» (Angliya) - «Valensiya» (Ispaniya) - 3:1 (2:1)
Gollar: Diakabi, 11 (0:1). Lyakazett, 18 (1:1). Lyakazett, 26 (2:1). Obameyang, 90+1 (3:1). 
«Arsenal» (Angliya): Chex, Papastatopulos, Mustafi, Koselni (Monreal, 82), Kolashinats, O‘zil (Mxitaryan, 75), Chaka, Meytland-Nayls, Genduzi (Torreyra, 58), Lyakazett, Obameyang.
«Valensiya»: Netu, Garay, Ronkalya, Pichchini, Xose Gayya, Gabriel Paulista, Diakabi, Parexo, Soler (Vass, 71), Rodrigo (Mina, 88), Gonsalu Gedesh (Gameyro, 71).
Ogohlantirishlar: Diakabi, 31. Parexo, 71. 
Hakam: Tyurpen (Fransiya).
2 may. London. «Emireyts» stadioni. 
Javob o‘yini – 9 may

Oxirgi imkon
Yevropa Ligasi «Arsenal» uchun ham, «Valensiya» uchun ham joriy mavsumda sovrin uchun yagona imkoniyat edi. Qolaversa, bu turnirda g‘olib chiqqan jamoa YeChLga yo‘llanma oladi va ayni vaqtda ikki jamoa ham o‘z chempionatlarida kuchli to‘rtlikdan tashqarida qolmoqda. Ularning «Emireyts»dagi birinchi o‘yini ko‘p narsani hal qilardi - o‘rtaga turnir finali yo‘llanmasi tikilgandi, garchi hali javob o‘yini bo‘lsa-da ko‘p narsa shu oqshomda hal bo‘lishi kutilayotgandi.

O‘yinning 10-daqiqasidayoq mehmonlar burchak zarbasidan keyin xavfli vaziyatga ega bo‘lishdi va Rodrigoning uzatgan to‘pini darvoza chizig‘i oldida turgan Diakabi boshi bilan to‘rga joyladi.

Ammo «Arsenal» tezda javob qaytardi, o‘tkazib yuborilgan goldan 7 daqiqa o‘tiboq Lyakeztt va Obameyang qarshi hujumda a'lo darajada harakatlanishdi va fransiyalik hujumchi bo‘sh darvozani osonlik bilan ishg‘ol etdi.

Ko‘p o‘tmasdan mezbonlar yana oldinga chiqib olishdi, to‘p «Valensiya» jarima maydoniga yetkazilganida Lyakazet yana hammadan ilg‘orroq harakat qilib zarba berdi - Netu to‘pga teginishga urindi, ammo to‘p darvoza chizig‘ini kesib o‘tdi - hakamning qo‘lidagi uskunada gol bo‘lgani qayd etildi va jamoalar o‘yinni yana maydon markazidan boshlashdi. 

O‘yinning ikkinchi bo‘limi mehmonlarning hujumlari va mezbonlarning ahyon-ahyon qarshi hujumlarga chiqish bilan boshlandi. Gedeshda hisobni tenglashtirish imkoniyati bo‘lgandi, ammo to‘p yo‘liga Koselni to‘g‘anoq bo‘ldi. «Arsenal»ning hujumlaridan birida esa Lyakazett het-trikni rasmiylashtirish imkoniyatidan foydalana olmadi, darvozabon bilan deyarli yakkama-yakka qolgan hujumchi tepgan to‘p Netuning oyoqlaridan qaytdi. 

Marselino Vass va Gameyroni maydonga tashladi, londonliklar safida esa Torreyra va Mxitaryan markazni va hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun tushirildi. Ikkinchi bo‘limning ikkinchi qismi «Arsenal»ning to‘liq ustunligida kechdi - lekin londonliklarni tablodagi hisob to‘la qanoatlantirmasdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa londonliklarning ikkinchi hujumchisi katta sahnaga chiqdi - Obameyang darvoza qarshisida yolg‘iz qoldirildi va «kanonirlar» uchun kerakli hisob yuzaga keldi.

Unai Emeri jamoasi bilan Yevropa Ligasi finali sari katta qadam tashladi.

Azar Frankfurtda yordam bera olmadi. Ammo «Chelsi» finalga yaqin

Yevropa Ligasi. 1/2 final. Birinchi o‘yin
«Ayntraxt» F (Germaniya) – «Chelsi» (Angliya) – 1:1 (1:1)
Gollar: Yovich, 23 (1:0). Pedro, 45 (1:1).
«Ayntraxt» F (Germaniya): Trapp, Abraam, Xinteregger, Da Kosta, Falett, Fernandesh (Gonsalu Pasensiya, 73), Xasebe, Rode, Kostich, Gachinovich (Villems, 90+2), Yovich.
«Chelsi» (Angliya): Arrisabalaga, David Luiz, Aspilikueta, Kristensen, Emerson, Jorjinyu, Loftus-Chik (Kovachich, 82), Kante, Villian (Azar, 61), Pedro, Jiru.
Ogohlantirishlar: Kristensen, 19. Xasebe, 58. Fernandesh, 61.
Hakam: del Serro Grande (Ispaniya).
2 may. Frankfurt-Mayn. «Kommersbank-Arena» stadioni.
Javob bahsi – 9 may

Murabbiy tanlovi
«Biz boshqa variantlarni qidirib ko‘rishimiz kerak», degandi o‘yindan oldin «Ayntraxt» bosh murabbiyi Adi Hyutter. Turnirning eng samarador ikki jamoasidan biri bo‘lgan frankfurtliklar (ikkinchisi «Chelsi») yarimfinalning birinchi o‘yini oldidan hujum uchligining ikki vakilini yo‘qotgandi - Aller jarohat olgan, Rebich diskvalifikatsiya qilingan. Yakunda jamoaning eng yaxshi to‘purari Yovichni orqaroqda Gachinovich qo‘llab-quvvatlaydigan, qanotlarda Kostich va Da Kosta uni to‘p bilan ta'minlaydigan bo‘ldi.

Maurisio Sarri esa himoya chizig‘i haqida qayg‘urishi lozim edi. «MYu»ga qarshi o‘yinda olgan jarohati tufayli 3 oy muddatga safdan chiqqan himoyachining yo‘qligini Frankfurtdagi o‘yinda David Luiz va Kristiansen juftligi bilintirmasligi lozim edi. Raqib hujumni kuchaytirgan pallalarda o‘ng qanot himoyachisi Aspilikueta ham markazga yordam berishi ko‘zda tutilgandi.

Tetik «Ayntraxt» va xotirjam «Chelsi»
Ko‘rinishidan londonliklar yarimfinalda ham rotatsiya qilishda davom etishgandek edi: Iguain, Barkli, Kovachich, Alonso va Azar zaxirada qoldirildi.

Birinchi bo‘limda «Ayntraxt» yaxshi himoyalandi va raqibga jarima maydoniga kirishga yo‘l qo‘ymadi. Kutilganidek Yovich «bo‘rilar»ni oldinga boshladi.

Ammo bu o‘yinda klass o‘z so‘zini ko‘rsatdi. Birinchi bo‘lim yakunlanib borayotganida burchak zarbasi ijro etilganidan keyin Kristiansen to‘pni raqib jarima maydoniga tashlab berdi, u yerda to‘p uchun kurashda g‘olib bo‘lgan Loftus-Chik Pedroni qulay vaziyatga chiqardi va hisob tenglashdi.

Ikkinchi bo‘limda Sarri Azarni maydonga tashladi va u londonliklar to‘pni nazorat qilib, o‘yinni kerakli hisobda yakunlashini ta'minladi. Chorak final o‘yinida ham Azar ikkinchi bo‘limda shu maqsadda tushrilgan va «Slaviya»ga qarshi safar uchrashuvida jamoa kerakli hisobni saqlab qolgandi (1:0).

«Ayntraxt» olqishlarga sazovor, jamoa yevrokuboklarda uy o‘yinlarda mag‘lub bo‘lmaslik bo‘yicha seriyasini davom ettirdi (12 o‘yin), ammo «Stemford Brij»da ularga qiyin bo‘lishi tayin.

Bokuda London derbisi
«Arsenal» uchun ham, «Chelsi» uchun ham Yevropa Ligasi YeChL yo‘llanmasi uchun vositadir. O‘tgan mavsumda ham «kanonirlar» YeChLga shu turnir orqali yo‘l olmoqchi bo‘lishgan, ammo yarimfinalda bunga «Atletiko» yo‘l qo‘ymagandi. 

Bu turnirga ikki jamoa bosh murabbiyi ham jiddiy yondoshmaydi - buni Sarri Azarni deyarli barcha o‘yinlarda ikkinchi bo‘limda tushirishi, «Arsenal» «Valensiya»ga qarshi o‘yinda asosiy futbolchilari Torreyra va Mxitaryanni zaxirada qoldirganida ko‘rish mumkin - g‘oliblik faqat YeChL yo‘llanmasi uchun kerak. Ayni vaqtda ikki jamoa APLda kuchli to‘rtlik uchun raqobat qilmoqda, agar «Chelsi» to‘rtinchi o‘rinni saqlab qolsa, «Arsenal»da Yevropa Ligasi finaliga chiqib, ko‘p ehtimol bilan «Chelsi»ni finalda mag‘lub etishi kerak bo‘ladi.

Ayni vaqtda «Chelsi» va «Arsenal» kabi, «Ayntraxt» va «Valensiya» ham ichki chempionatlarida YeChL yo‘llanmasini kafolatlay olishmagan. Lekin birinchi o‘yinlardan keyin aytish mumkinki, finalda katta ehtimol bilan ikki ingliz klubi o‘zaro to‘qnashadi. Bu Ozarboyjon poytaxtida London derbisiga aylanishi mumkin.

Top