16:50 / 05.05.2019
34185

Urgutning «Chorchinor»ida rostdan ham asriy chinorlar kesilganmi? - Kun.uz surishtiruvi

Urgut tumanidagi «Chorchinor» ziyoratgohida olib borilayotgan qurilish ishlari davomida asriy chinorlar kesilayotgani haqidagi xabarlar ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Hammasi samarqandlik frilanser Dmitriy Kostyushkinning «Chorchinor»dagi ming yillik va asriy chinorlar u yerda olib borilayotgan qurilish ishlari sababli ayovsiz kesib tashlanayotgani haqidagi fotosuratlari va ziyoratgohdagi zilol suvli chashma usti betonlab qo‘yilgani to‘g‘risidagi xabarlardan keyin boshlandi.

Ish shu darajaga borib yetdiki, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi «Pravda Vostoka» nashrida ochiq xat e'lon qildi. Biroq samarqandlik jurnalistlar va blogerlar ziyoratgohda chinorlar kesib tashlanmaganini ta'kidlab, chiqishlar ham qilishdi. Ularning chiqishlarida mahalliy hokimlik rahbarlari va boshqa mutasaddilar ham buni tasdiqlashdi.

Kun.uz «Chorchinor» ziyoratgohida bo‘lib, vaziyat bilan yaqindan tanishdi va masalani imkon qadar xolis tahlil qildi.

Xo‘sh, rostdan ham ziyoratgohda ayrim chinorlar tag tubidan kesilib, ildizlari kavlab olib tashlanganmi?

Nima ham derdik, balkim kesilgandir yoki kesilmagandir, agar kesilgani rost bo‘lsa ham endi kech — u chinorlarni ortga qaytarib bo‘lmaydi.

Ayni paytda bu maskanda jami 127 tup chinor bo‘lib, ularning 47 tupi 100 yoshdan oshgan, ularning ham orasida ming yildan ziyod vaqt mobaynida ko‘karib turganlari bor. Ularning 30 metrdan baland ulug‘vor tanasi bir necha insonning quchog‘iga joy bo‘lishi mumkin. Ularning ko‘p qismi yaqin o‘tmishda ekilgan, 40–50 yillik chinorlardir.

Bir qaraganda — e'tirozlarda jon bordek. Chunki «Chorchinor» ziyoratgohi chetidan — yo‘l ustida barpo etilayotgan mehmonxona va boshqa binolar uchun joy ochilgan. Qurilish ishlari yanvar oyi o‘rtalaridan boshlangan. Sovuq fasllarda ziyoratgohga tashrifchilar qadami siyraklashadi. O‘sha paytda kimdir vaziyatni suratga olganu hammasi mana endi ayon bo‘layotgandek.

Bizga ma'lum bo‘lishicha, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tomonidan «Chorchinor» ziyoratgohini ta'mirlash va atrofini obodonlashtirish ishlari uchun buyurtmachi tashkilot viloyati hokimligi Injiniring kompaniyasi tomonidan 9,5 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.

Shunga ko‘ra, ziyoratgohda obodonchilik ishlari amalga oshirilmoqda. Ziyoratchilar uchun qulay yo‘lkalar, mehmonxona barpo etilmoqda. Shuningdek, tahoratxona, ma'muriy bino, oshxona, mavjud qadimiy masjid binosini rekonstruksiya qilish, atrofini to‘siq panjara bilan o‘rash va ziyoratgohga kirish darvozasini qayta qurish belgilangan. Shaxsan bizga, yuqoriga ko‘tarilish uchun pog‘onalari va pandus «omixta» qilingan zina juda yoqdi.

Qurilish va obodonlashtirish ishlarini olib borayotgan pudratchi tashkilot — «Mohli Oqila» xususiy korxonasi rahbari Bobomurod Do‘stmurodov suratda tasvirlangan, aynan shu ziyoratgohda kesilgan va yerga taxlab qo‘yilgan chinor shoxlari hamda tanalari aynan qaysi vaqtda suratga tushirilgani noma'lumligini aytdi. Kesilgan daraxtlar surati esa «Fotoshop» yordamida qilinganiga urg‘u berdi. Shuningdek, ayrim suratlar juda eski — 5-10 yil muqaddam tushirilganini ham aytib o‘tdi.

Quruvchining so‘zlariga ko‘ra, ular faqatgina ziyoratgoh hududidagi chashmaga eltuvchi yo‘lka ustidagi chinorning qiyshayib o‘sgan, o‘z og‘irligini ko‘tarolmasdan egilib, devor ustiga mingan qalin shoxi ekologiya bo‘limi va boshqa mutasaddilarning maslahatlashuvi bilan kesishgan. Ushbu holat 2 may kuni dalolatnoma bilan rasmiylashtirilgan. Kostyushkin daraxtlar barg yozgan kuni borganida ham faqat yangi kesilgan o‘sha joyni suratga olib, tarqatgan.

«Chorchinor» ziyoratgohi rahbari Nodir Tursunov esa chinorlarning barchasi ro‘yxatda turishi, hattoki ularning ildizidan o‘sib chiqqan nartlar (bachkilar) ham hisobda ekanligini aytdi. Ijtimoiy tarmoqlarda e'lon qilingan suratlar esa «Fotoshop» dasturi yordamida qayta ishlanganidan hayratda qolganini bildirdi, 20dan ziyod tashkilot kelib holatni o‘rganib, daraxtlar kesilgani o‘z isbotini topmaganini aytib o‘tdi.

Internetdagi chiqishlarda ziyoratgohdagi buloq usti ham betonlangani aytilgandi, u bunga e'tiroz bildirdi.

Biz ham ziyoratgohdagi chashma beton plita bilan yopilganiga guvoh bo‘lmadik. Chashma hovuzi ochiq, baliqlar suzib yuribdi. Atrofdagi go‘zal tog‘ manzaralar ko‘zdan pana bo‘lmasligi uchun eski devorlar yiqitilib, uy hayvonlaridan to‘suvchi panjaralar uchun poydevoriga beton quyilmoqda.

Ziyoratgohga tashrifchilar tinmasdan kelib turishibdi. Biz xorijlik sayyohlarni ham uchratdik.

Samarqand viloyat hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Nurullayev ham shu yerda ekan. Ziyoratgohda kesilgan chinor qoldiqlariga ko‘zi tushmagan hokim o‘rinbosari ham hayron. U har qanday piar ham mashhurlashishga sabab bo‘lishini ta'kidlab, «Chorchinor»ning dovrug‘i yanada yoyilganidan xursandligini yashirmadi.

Bu ziyoratgohda ko‘rgan manzaralarimiz, eshitgan so‘zlarimiz edi. Tahririyatga kelgach, Biz Google Earth dasturi orqali ziyoratgohning o‘tgan yillarda tushirilgan xaritalari arxiviga ham nazar tashlashga qaror qildik.

Quyida — ziyoratgohning eng so‘nggi aerofotos'yomkasi. U 2019 yilning 10 mart sanasida tushirilgan. Unda chinorlar hali barg yozmagan, ziyoratgohda olib borilayotgan qurilish ishlari ham yaqqol ko‘ringan.

Bir yil oldingi surat 28 martda tushirilgan. Bulutlar suratning tiniq chiqishiga xalaqit bergan.

Endi orasidagi farq bir yil bo‘lgan suratlarni solishtirib ko‘ramiz.

Bu solishtirish ko‘p katta farqni bermayapti. Lekin ziyoratgohning 2016 yilda tushirilgan hamda so‘nggi surati solishtirilganida yo‘l chetida ayni damda mehmonxona qurilayotgan joyda bir-ikki chinorning bahridan o‘tilgandek, go‘yo. Lekin qachon?

Ziyoratgoh rahbari Nodir Tursunov va ko‘chada biz gapga tutgan mahalla oqsoqollarining aytishlaricha, bundan 7-8 yil muqaddam ziyoratgoh hududidan tashqarida bo‘lgan 5 tup chinor mahalliy fuqaro tomonidan kesilgan. O‘sha paytda u kesish uchun ruxsat olgan ekan, biroq bu borada mojarolar ham bo‘lgan. Internetda tarqalgan to‘nkalar aynan o‘sha chinorning qoldiqlari ekani aytilmoqda. Chinor yiqitilgani bilan, to‘nkalari joyida qolgan. Endi qurilish ishlari olib borilishi jarayonida to‘nkalar kavlab olinib, yo‘l chetiga chiqarib qo‘yilgan. Darhaqiqat, to‘nkalar eskiroqdek, bittasi hatto tuproq ostida qolib chiriy boshlagan ekan.

Xullas, kesilgan daraxtlar surati eskiligi, hech qanday daraxt kesilmagani aytilmoqda. Negadir, chinor shoxlari va g‘o‘lalari taxlab qo‘yilgan o‘sha eski suratlarda ham kesilgan o‘rin surati ko‘rinmaydi. «Fotoshop» versiyasiga esa, kishining ishongisi kelmaydi: «Kimga zarur?» degan savol o‘rtaga chiqadi.

Biz internetda tarqalgan suratlar tushirilgan nuqtalardan rasmga oldik va ularni e'tiboringizga havola etamiz.

Masalan, quyidagi surat aniq shu yili tushirilgan. Chunki, ziyoratgoh hududidagi beton plitkalar mana shu yil qo‘porib tashlangan. Ko‘rib turibsizki, hududda kesilgan chinor g‘o‘lalari taxlab qo‘yilgan. Hozir ular yo‘q, albatta. Aynan mana shu suratni ziyoratgohdagi mas'ullar «Fotoshopda qayta ishlangan», deyishmoqda. Biroq, biz tushirgan suratda kesilgan g‘o‘lalardan zarba yegan chinor tanasidagi izlar turibdi. Buni o‘sha — ekologiya xulosasi bilan kesib tashlangan qiyshaygan shox qoldiqlari, deb tushuntirishmoqchi ham bo‘lishdi. Lekin shox bu qadar uzun bo‘lmagan-ku? Qolaversa, nariroqda ham bir to‘p g‘o‘la taxlanib yotibdi.

Ushbu surat esa qachon olingani noma'lum. Quruvchilar ziyoratgohda ishni birinchi plitkali yo‘laklarni buzishdan boshlashgan. Ziyoratgohda 2018 yilda ham ta'mirlash ishlari olib borilgan, deyishdi.

Suratlarning birinchisi shu yili olingan. Ikkinchisini esa bo‘sag‘ada o‘tirgan chollarning kiyinishiga qarab, qadimiyroq, deb tushuntirishdi.

Xullas, ziyoratgohda ayrim sog‘lom chinorlar kesilgani aniq. Lekin ular hozirgi qurilish ishlari tufayli yaqinda kesildimi yoki avvalroqmi — shunisini uzil-kesil aniqlashning imkoni bo‘lmayapti. Toki chinorlarni kesgan insonlarning o‘zlari qilmishini tan olib, vaziyatga aniqlik kiritishmasa, biz faqat gumonlar bilan cheklanishimiz mumkin, xolos. Chunki allaqachon «qorlar yog‘gan, izlar bosilgan». Xulosa chiqarish o‘zingizga havola.

Nima bo‘lganda ham, «Chorchinor»ning azim chinorlari o‘z joyida turibdi. Daraxtning qadrini tushunib yetgan mutasaddilar endi ham ehtiyot bo‘lishar, nihoyat? Hudud esa yanada chiroy ochadi, ko‘p qulayliklar yaratiladi. Darhaqiqat, yaxshi-yomon gaplar bahona, uning dovrug‘i yanada oshadi. Umid qilamizki, bu so‘lim go‘shaga tashrifchilar soni yanada ko‘payadi. Faqat unga eltuvchi yo‘llarni ham to‘g‘irlab qo‘yishsa bas...

Shuhrat ShOKIRJONOV, O‘tkir JALOLXONOV,

Kun.uz muxbirlari.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Mavzuga oid
Top