15:43 / 06.05.2019
6328

Kosonda fuqarolar yig‘ini raisi saylovi uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda

Ayni kunlarda respublikaning barcha hududlarida fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) navbatdagi saylovi bo‘lib o‘tmoqda.

Prezident tomonidan imzolangan «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun bilan ushbu saylov jarayoni 2019 yil may oyida o‘tkazilishi belgilangan edi.

Shu munosabat bilan fuqarolar yig‘inlari amaldagi raislarining (oqsoqollarining) va ular maslahatchilarining vakolatlari muddati 2019 yil may oyida fuqarolar yig‘inlarining yangi raislari (oqsoqollari) saylanguniga qadar uzaytirilgandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining «Fuqarolar yig‘inlari, raislari, (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, Koson tumanida ham mazkur saylovni tashkil etish va o‘tkazishga qizg‘in hozirlik ko‘rildi.

Koson tumani hokimi A.Boykarayev qabul qilgan qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorini amalga oshirish tadbirlari belgilandi. Tuman komissiyasining tarkibi tasdiqlandi. Komissiya tarkibiga turli sohalarning yetuk mutaxassislari, tajribali rahbar-tashkilotchilar kiritildi. 

Ushbu belgilangan chora-tadbirlar asosida Koson tumanida saylovlar uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.

Jumladan, «Bunyodkor» mahallasida o‘tkazilgan saylov ochiq, oshkora va adolatli bo‘lib o‘tdi. Saylovda fuqarolar yig‘ini raisligiga 4 ta nomzod ko‘rsatildi. 376vakildan 342 nafari saylovda qatnashdi. Nomzodlardan  Alisher Omonov saylovchilarning  71 foiz ovozini olib, mahalla raisi etib saylandi.

«Saylovchilar ko‘z o‘ngida saylov qutisi ochilib byulletenlar sanaldi. Shu bois bugungi saylov adolatli bo‘ldi va biz munosib nomzodni sayladik», –deydi mahalla faoli A.Muqimov.

Shuningdek, «Esaboy» mahallasida fuqarolar yig‘ini saylovida ham saylovchilar o‘zlari uchun munosib nomzodga ovoz berdi. Nomzodlardan Akrom Mardonov 84 foiz vakillar ovozini olib, «Esaboy» mahallasiga rais etib saylandi.

Tumandagi boshqa mahallalarda ham fuqarolar yig‘ini raisi saylovi tashkil etilmoqda.

Bardoshbek SAMAD o‘g‘li,

Kun.uz muxbiri.

Top