13:42 / 07.05.2019
46341

Usmon Azim: «O‘zbek tilida gapirishni xohlamaydigan namoyondalar unvonidan «O‘zbekiston» so‘zini olib tashlash kerak»

Foto: saviya.uz

Shu kunlarda rus tiliga rasmiy til maqomini berish to‘g‘risidagi taklif chin ma'nodagi ziyolilarining nafsoniyatiga tegdi. Andijonda bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida qo‘li shikastlangani bois jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim voqeaga munosabatini bildirdi. U o‘zbek tilini davlat tili qilish uchun kechgan kurashlarni yodga olar ekan, bu xalqimizning buyuk orzusi bo‘lganini ta'kidladi.

O‘zbekistonda rus tiliga rasmiy til maqomini berish kerak deb chiqqanlar jamiyatdagi tinchlikni, hamjihatlikni buzdi. Aqlga sig‘maydigan, xalq irodasiga qarshi bu taklif, Rossiya tashqi ishlar vaziri kelishi arafasida yozilishi, jamoat e'tiborini butkul boshqa o‘zanga burib yubordi. Prezidentimiz yetakchiligida birlashib, Vatanimizni obod qilish yo‘lidan borayotganlar orasida parokandalik kayfiyatini-da uyg‘otdi. Ikki davlatning - davlatlarimizning teng huquqli hamkorligiga ko‘pchilikda shubha paydo qildi.  

Ushbu taklif yolg‘onga qurilgan bo‘lib, ro‘yxatdagilardan bir nechasi taklifdan bexabarligi va unga imzo chekmaganini aytmoqda. Ro‘yxatdagi keksa balerina esa xorij radiosiga bergan intervyusida dorixonadan xarid qilgan dorisi haqidagi ma'lumotnoma o‘zbekcha yozilganidan jafo tortganini aytib nolibdi. Turgan-bitgani yolg‘on-ku. Shu paytgacha kim ko‘ribdi dori haqidagi ma'lumotnoma faqat o‘zbek tilida yozilganini? Odamda vijdon bo‘lsa sal uyalishi kerak. “Bizni odam qilgan rus...” degan gapi esa haqoratdan boshqa narsa emas! 

Ruslarga kelsak, ular O‘zbekistonda har doim emin-erkin hayot kechirgan. Tili, madaniyati hech qachon tazyiqqa uchramagan. 

O‘zbek tilida gapirishni xohlamaydigan, shuning uchun rus tili rasmiy til bo‘lishini istayotgan madaniyat, fan va san'at namoyondalari unvonidan “O‘zbekiston” so‘zini olib tashlash kerak. Ana shunda adolatli ish bo‘ladi. Chunki ular o‘zlarida shu yurtga, shu xalqqa daxldorlik hissini tuymayotir.        

Fursati yetgan ekan, meni anchadan buyon o‘ylantirib yurgan bir-ikki masalani ham o‘rtaga tashlasam. Shaharlarda bolasini rus maktabida o‘qitishni istovchilar ko‘payib boryapti. Bir kuni rus maktabida o‘qiydigan qo‘shnimizning qizidan shu kunlarda adabiyotdan qaysi asarni o‘rganishayotganini so‘rasam, “Igor jangnomasi”ni, deb javob qildi. “Alpomish”ni o‘tdilaringmi desam, yo‘q, deydi. 

Bu qanaqasi bo‘ldi? SSSR zamonida rus maktablari tub aholini ruslashtirish uchun tashkil etilgandi. Anglabmi-anglamaymi, hozirgi rus maktablaridagi o‘qitish yo‘nalishi va maqsadi ham deyarli o‘sha yo‘ldan boryapti. Biz avval rejamizni aniq belgilab olishimiz kerak – bizga o‘z tili, madaniyati va tarixini unutib, rus g‘oyasiga xizmat qiladigan yoshlar kerakmi yoki milliy ruhda kamol topgan, rus tilini mukammal biluvchi yoshlar?! Rus maktablarida o‘zbek tili va adabiyoti, O‘zbekiston tarixi chuqur o‘qitilishi kerak. Ular bitirayotganda o‘zbek maktablari o‘quvchilari o‘rgangan bilimlarni rus tili asosida puxta egallasin. Rus maktablari millat farzandlarining o‘zligini yo‘qotishiga xizmat qilishi mumkin emas, balki shu vatanda yashayotgan ruslar va rus tilini o‘rganmoqchi bo‘lgan boshqa millat vakillarini o‘zbek fuqarosi o‘rganishi zarur bo‘lgan bilimlar bilan to‘yintirishi shart. 

Davlat tili haqidagi qonunni ham qayta ko‘rib chiqish fursati keldi. Qonunga keyin kiritilgan yumshatuvchi tahrirlardan voz kechish va eng ulug‘ qadriyatimiz bo‘lgan tilimizni buzuvchi hamda kamsituvchilarga aniq jazo choralarini belgilab qo‘yish zarur. Bu borada dunyo davlatlaridagi til qonunlaridan o‘rganiladigan jihatlar ko‘p. Eng muhimi esa, hamma mustaqil davlatda o‘z ramzi bo‘lgan til xususidagi qonun amalda ham yaxshi ishlaydi. 

Yana bir nozik masala – davlat idoralarida ish yuritish, qonunlarni yozish va qabul qilish, xalqaro va davlatlararo muloqotlar ham milliy tilimizda bo‘lsa, sog‘lom aqlga sig‘maydigan yuqoridagi kabi takliflar o‘z-o‘zidan barham topadi. Koshki, shunda xalqimizning ham ona tiliga mehri, ehtiromi orsa!   

Sirojiddin Ibrohim yozib oldi.

Top