17:36 / 08.05.2019
16087

Filmdan so‘ng: Buxoriy e'tirofiga sazovor bo‘lgan alloma

20 aprel kuni «Abu Muso Muhammad at-Termiziy»  tarixiy kinofilmining premerasi bo‘lib o‘tdi.

To‘g‘ri, (aniqrog‘i, «afsuski») film seanslariga navbat qorinog‘riq hazildan boshqasiga yaramaydigan filmlar yoki Murat Yildirim ishtirokidagi epizod bilan shov-shuvga erishgan «Skorpion»dagi kabi uzundan-uzoq emas. Reklamasi ham hamma joyda aylanaverib, me'dani qaynatgani yo‘q. Haybatidan dev hurkadigan reklama bannerlarining ovozasi dunyoni tutmadi.

Shunga qaramay, tarixiy-biografik yo‘nalishdagi mazkur film bir yarim soat davomida tomoshabinni zeriktirmasdan ushlab qola oladi. Abduxalil Mignorov ssenariysi va postanovkasi asosidagi «Abu Muso Muhammad at-Termiziy» filmi hali o‘zbek kinematografiyasi butkul «o‘lmaganini» ko‘rsatdi, deyish mumkin.

Film hadis ilmida Imom Buxoriydan keyingi eng ahamiyatli shaxs hisoblangan at-Termiziyning hayot yo‘liga bag‘ishlangan. Uning ilm olishi, noyob xotiraga egaligi, zamonasining buyuklari bilan uchrashuvi, fitnalarga ro‘baro‘ bo‘lishi kinoasar fabulasini tashkil etadi.

Imom Termiziy nomi bilan muhaddis sifatida tanilgan Muhammad ibn Iso ibn Savra ibn Muso ibn az-Zahhoq Abu Iso as-Sullamiy az-Zariyr al-Bug‘iy at-Termiziy milodiy 824-892 yillarda yashab o‘tgan. Sullamiy deb nisbat berilishiga sabab ajdodlaridan biri arablarning sullam qabilasi bilan do‘st tutinganidir. Tarixiy manbalarga ko‘ra, Bug‘ qishlog‘ida vafot etgani uchun uning nomiga al-Bug‘iy nisbati ham qo‘shilgan, olim ko‘p yig‘laganidan umrining oxirlarida ko‘zi ojiz bo‘lib qolgach, az-Zariyr (ko‘zi ojiz) taxallusini olgani ham aytiladi. Dastlabki ilm olish davri Termiz shahrida o‘tgani uchun unga xalq orasida eng ommalashgan at-Termiziy nomi berilgan. Termiz, Samarqand va Balxda dastlabki bilimlarni egallab, Hijoz, Iroq va Xurosonning bir qator shaharlarida o‘z davrining yetuk allomalaridan saboq oladi. Umrini hadis to‘plashga bag‘ishlaydi. Turli manbalardan eshitgan hadislarini sahih (to‘g‘ri, ishonchli), hasan (yaxshi, ma'qul), zaif (bo‘sh, ishonchsiz), g‘ariyb (g‘alati) kabi xillarga ajratadi.

Hadis ilmiga bag‘ishlangan «Al-Jomi'» asari ijodining eng yirik namunasi hisoblanadi.

Film haqida bir narsa deyish mumkin: unda pand-nasihat ruhi sezilmaydi. Hamma voqealar o‘ta sodda va samimiy, ortiqcha pafosdan xoli tarzda ko‘rsatiladi. Voqealar markazida turgan at-Termiziy shaxsiga nisbatan ulug‘lash, ko‘kka ko‘tarish, ko‘pgina tarixiy asarlarda kuzatiladigan ilohiylashtirish kayfiyati sezilmaydi.

Voqealarning bayon uslubi shunday tuzilganki, ortiqcha ta'kidsiz tomoshabinning o‘zi kerakli xulosalarni chiqara oladi.

Shogirdlaridan biri hadis ko‘chirish chog‘ida xatoga yo‘l qo‘yganida uni shunchaki tuzatib qo‘ymasdan, qayta ko‘chirishni buyuradi. Shogird bolaning qog‘oz isrofi haqidagi gapiga esa «agar bir o‘rinda xato qilib, keyin uni shunchaki to‘g‘rilab qo‘ysak, odamlar hadis ilmida ham xato qilish mumkin ekan, degan o‘yga boradi», deya javob beradi.

Har gal hasadgo‘ylar fitna bilan uning hayotiga xavf solmoqchi bo‘lganda vahimaga tushmaydi, oh-voh solmaydi. Shunchaki Allohga tavakkal qiladi, qiblaga yuzlanadi. Alaloqibat, fitnadan unga gard ham yuqmaydi.

Keksaygan chog‘ida: «Agar xotiram pand berib, xato qila boshlagan bo‘lsa, hadis yozishni yig‘ishtirishim kerak, toki odamlarni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmay», deya mulohaza qiladi.

Kinoasarda detallardan ham o‘rinli foydalanilgan. Ko‘ngil qo‘yganiga muhabbat qirmizi olma orqali izhor qilinishi, ota-onaning farzandiga «siz» deb murojaat qilishi ibratlidir. Salbiy va ijobiy qahramonlarning liboslaridagi ranglar orqali xarakter yaqqolroq ochib berilgan.

Ammo filmda bir qator tushunarsiz holatlar ham ko‘zga tashlanadi. Muhammadning ko‘ngil qo‘ygan qizi boshqasiga unashtirilgani ma'lum bo‘ladi. Oshiq yigit g‘amga botadi. Shundan so‘ng uning oila qurishi bilan bog‘liq hech qanday holat kuzatilmaydi, tomoshabinda u yetisholmagan muhabbatiga sadoqat saqlab, toq o‘tgan degan tasavvur uyg‘onadi. Vaholanki, hech bir tarixiy manbada bu holat haqida ma'lumot uchramaydi.

Film avvalidagi holat: bir qulning o‘z xojasidan qochib ketayotgani, uning qo‘lga tushirilishi, qozining hukm chiqarishi va bunga kichkina Muhammadning guvoh bo‘lishi ko‘rsatilgan. Qozining chiqargan hukmi ham, bu voqeaning film asosiy fabulasi bilan bog‘liqligi ham o‘ta mavhum.

Shuningdek, personajlarning yoshi juda ko‘p nuqtalarda tushunarsizlikni keltirib chiqargan. Muhammad va uning saboqdoshi Ja'far bolalikda tengqur qilib ko‘rsatilgan. Buxoroda madrasa ta'limini olayotganda esa Ja'farning yoshi anchagina kattaroq qilib ko‘rsatiladi: Muhammad endigina yigitlik ostonasiga qadam qo‘ygan, Ja'far esa ko‘rinishidan 40ni urib qo‘yganga o‘xshaydi. Film yakuniga yetib, personajlarning umri yakuniga yetay deb qolganda esa Muhammad soqoli ko‘ksiga yetgan mo‘ysafid, Ja'far esa nisbatan yoshroq qilib ko‘rsatilgan.

Filmning kulminatsion nuqtasi sifatida ikki muhaddis – Imom Buxoriy va Imom Termiziyning uchrashishini qayd etish mumkin. Sanadiga (rivoyat qilgan kishilar ro‘yxati) ko‘ra hadislarni saralagan Termiziy Buxoriyning e'tirofiga sazovor bo‘ladi. Al-Buxoriyning «Sen mendan foyda olgandan ko‘ra, men sendan ko‘proq foyda oldim», degan so‘zlari Termiziyning aqliy salohiyati uchun eng yuksak baho edi. Al-Buxoriy vafoti haqida xabar topganda Muhammad ota-onasi dunyodan o‘tgandagidan ham ko‘proq g‘am chekadi. Ba'zi manbalarga ko‘ra, hatto ko‘zyosh to‘kaverganidan ko‘zlari nursiz bo‘lib qoladi.

Umuman olganda, film muvaffaqiyatli chiqqan deyish mumkin. Faqat odamlarni jalb qila olish kerak. Mazmun jihatdan tosh bosadigan bunday filmlarga seanslar ham kam ajratiladi, talabgorlar ham shunga yarasha. Demak, yoki bizga tarixning qizig‘i yo‘q, yoki milliy kinematografiyadan qo‘l yuvib bo‘lganmiz...

Saodat Abdurahmonova

Mavzuga oid
Top