09:57 / 09.05.2019
10920

O‘zbek tilini rivojlantirish sohasida mas'ul davlat organi belgilanishi mumkin

Foto: O‘zA

Avvalroq “Yuksalish” umummilliy harakati O‘zbekistonda ma'lum bir tilga davlat tili bilan bir qatorda rasmiy til maqomini berish haqidagi munozaralar yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirgandi. Shundan so‘ng harakat ularni umumlashtirib, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini inobatga olgan holda, konstruktiv takliflar ishlab chiqishga qaror qildi. Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Biz fuqarolarga davlat tilining majburiy o‘rgatilishi tarafdori emasmiz. O‘zbek tilini rivojlantirish va yanada boyitish, uni o‘rganishni istaganlar uchun zarur sharoit va infratuzilmani yaratish lozim, deb hisoblaymiz. “Yuksalish” umummilliy harakati savodli, o‘qimishli bo‘lish, davlat tili va boshqa xorijiy tillarni egallash jamiyatda, ayniqsa yosh avlod orasida trend bo‘lishi kerak, degan fikrda”, - deyiladi xabarda. 

“Yuksalish” umummilliy harakati o‘zbek tilini rivojlantirish va aholining imloviy savodxonligini oshirish yuzasidan bir qator takliflar ishlab chiqdi va jamoatchilik muhokamasiga havola etdi:

1. O‘zbek tilini rivojlantirish va til bilish darajasini oshirish konsepsiyasini ishlab chiqish hamda yaqin besh yil mobaynida uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasini” tasdiqlash.

Konsepsiya quyidagi vazifalar, chora-tadbirlar, amalga oshirish mexanizmi, ijro muddati va mas'ullarni o‘z ichiga olishi lozim:  
 
· oilada til savodxonligini rivojlantirish va shakllantirish uchun qulay sharoitlar yaratish; 
· ta'lim muassasalarida davlat va xorijiy tillarni o‘qitish jarayonini tanqidiy jihatdan o‘rganish va yanada takomillashtirish; 
· davlat xizmatchilarining, ayniqsa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlarining davlat tilini bilish darajasi va savodxonligini oshirish;
· jamiyatda imloviy savodxonlik darajasini oshirish uchun innovatsion usullarni joriy etish;
· o‘zbek tili targ‘ibotida ommaviy axborot vositalari rolini kuchaytirish hamda jamiyatda til bilish normalari darajasini oshirish; 
· ta'lim tizimini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishdagi kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
· aholining imloviy savodxonligini oshirish va o‘zbek tilini rivojlantirishning ilmiy asoslari bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish.

2. O‘zbek tilini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi, til normalariga, shu jumladan, axborot stendlari va reklama materiallarida talablarga rioya etilishini nazorat qiluvchi, sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish bilan shug‘ullanuvchi mas'ul davlat organini belgilash.

3. Til ko‘nikmalarini baholashning xalqaro tizimi asosida davlat tilini bilish darajasining yagona standartlari va minimal talablarini ishlab chiqish hamda joriy qilish maqsadida xorijiy tajribani o‘rganish va tadqiqotlar o‘tkazish.

4. Davlat tilida savodli yozish madaniyatini rivojlantirish va uning darajasini oshirish, shuningdek savodxonlik masalasiga keng jamoatchilik e'tiborini qaratish maqsadidagi ixtiyoriy ta'lim aksiyasi — davlat tilida yillik umummilliy diktant o‘tkazish.

Unda istalgan inson ishtirok etishi va o‘zining davlat tilini bilish darajasini aniqlab olishi mumkin bo‘ladi.

Aksiya yakunida barcha natijalarni umumlashtirish va tahlil qilish orqali ishtirokchilarning ishlarida eng ko‘p kuzatilgan xatolar bo‘yicha barcha uchun ochiq bo‘lgan metodik qo‘llanma, kurs (shu jumladan, onlayn kurslar) ishlab chiqish lozim.

5. Malakali mutaxassislarni jalb qilgan holda, o‘quv muassasalari yoki manfaatdor tomonlar binolarida o‘zbek tilini o‘rgatish bo‘yicha bepul kurslar tashkil etish. Bu yerda fuqarolar innovatsion pedagogik texnologiyalar asosida o‘zlarining so‘zlashuv nutqini va savodli yozish bo‘yicha ko‘nikmalarini oshirishlari mumkin bo‘ladi.

6. O‘zbekiston Respublikasi hududida istiqomat qilayotgan fuqarolarning davlat tilini bilish darajasini oshirishga qaratilgan elektron platforma ishlab chiqish va uni ishga tushirish. Bolalar va yoshlarni interfaol usulda til normalariga o‘rgatishga qaratilgan mobil ilovalar yaratish.

“Yuksalish” umummilliy harakati ushbu yo‘nalishdagi konstruktiv fikrlar va takliflar uchun doimo ochiq hamda manfaatdor vazirlik, idoralar, jamoat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirgan.

Mavzuga oid
Top