18:50 / 10.05.2019
26665

Bid'at ishlardan Alloh rozi bo‘lmaydi

“Kun hadisi” dasturining bugungi sonida taqdim etiladigan hadis mazmuni “Bid'atlarni rad qilish”, deb nomlanadi. Bu mavzu haqidagi hadisni “Mirzo Yusuf” jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziy sharhlab berdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Oyisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sallollohu alayhi vasallam marhamat qildilar: “Kim bizning ishimizda dindan bo‘lmagan biron bir yangilik qilsa, u rad qilingandir”.

Imom Muslim rivoyat qilgan matnda esa biroz boshqacharoq mazmunda keladi: “Kim bizning ishimizda dindan bo‘lmagan biron bir amalni bajarsa, u rad qilingandir”.

Bu amal muomalada – bid'at deb ataladi. Bid'at so‘zining lug‘aviy ma'nosi “yangi boshlangan” deganni anglatadi. Hadisning matnida “kim bizning ishimizda dindan bo‘lmagan bir amalni qilsa”, deb kelmoqda. Ya'ni, har bir yangilik ham bid'at deb nomlanmaydi. Dinga taalluqli narsa yangilik bo‘lgan bo‘lsa, bid'at deb nomlanadi. Har bir bid'at zalolatda deyiladi. Bu amallar qabul qilinmasligi haqida xabar berilyapti. 

Bid'atlar yaxshi va yomonga bo‘linadi. Yaxshisidan savob olamiz, yomoni esa qabul qilinmaydi. Bid'atlarning yomonidan qo‘rqishimiz, qochishimiz lozim. Yaxshisidan esa savob talabida bo‘lishimiz darkor. Masalan, Payg‘ambarimiz alayhissalom davrlarida taroveh namozlarida xatmi Qur'on qilish yo‘q edi. Bu ish Umar (r.a) vaqtlarida paydo bo‘lgan. Yoki Payg‘ambarimiz alayhissalom davrlarida madrasalar yo‘q edi, kitob bosishlar bo‘lmagan, Qur'on jamlanmagan edi, mana shu ishlarning barchasi keyinchalik sodir bo‘ldi. Agar bid'at ishlar mutlaqo mumkin bo‘lmaganida, bu ishlar ham mutlaqo mumkin bo‘lmagan bo‘lardi.

Dinga oid ishlarda keyin paydo qilinib, asosga ega bo‘lmagan, diniy nuqtai-nazardan odamlarga manfaat bermaydigan, oqibati zararli bo‘lgan ishlarning barchasi biz saqlanishimiz zarur bo‘lgan yomon bid'atlarga kiradi. Bu amallar qabul bo‘lmaydi. Shu sabab biz sunnatni o‘rganishimiz, Islomni sofligicha qabul qilishimiz lozim. Chunki qayerda sunnat tark etilsa, uning o‘rniga bid'at va xurofotlar kirib keladi. Bu esa insonni turli mashaqqatlarga qo‘yadi.

Masalan, to‘y marosimlarini olaylik. Agar biz sunnatga muvofiq to‘y qilamiz desak, bu kamxarajatli bo‘ladi. Bizni qiynamaydigan, hammasi aql bilan yo‘naltirilgan to‘y o‘tkaziladi. Agar bid'atga muvofiq to‘y qilinsa, yillar davomida yig‘ilib, bir kunda uni sochib, yana mashaqqatga qolishimiz tushuniladi.

Mavzuga oid
Top