15:22 / 11.05.2019
151528

Kunduzgi chiroqlarni yoqib yurmagan haydovchilar qancha jarima to‘laydi?

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalariga kiritilgan yangi o‘zgartirishlar bo‘yicha jarimaga tortish boshlangani xabar berilgandi.

Yo‘l harakati qoidalariga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi hukumat qarori bir oy muqaddam qabul qilindi. O‘tgan bir oy davomida tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish kiritildi.

Endilikda, o‘zgartirishlarga muvofiq kunning yorug‘ vaqtida barcha avtomototransport vositalari yaqinni yorituvchi chiroqlarni yoki kunduzgi chiroqlarni yoqib harakatlanishi shart.

O‘zbekiston Respublikasining Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 128-moddasiga (Haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari va yo‘l harakatining boshqa qoidalari talablariga rioya etmasligi) ko‘ra, haydovchilarning transport vositalarini piyodalar yo‘lkalaridan yurgizishi, yo‘l belgilari yoki yo‘lning qatnov qismidagi chiziqlar bilan belgilab qo‘yilgan talablarga rioya etmasligi, odam tashish, transport vositalarini quvib o‘tish, yo‘nalishli transport vositalari to‘xtaydigan bekatlardan yoki piyodalar o‘tish joylaridan yurish, tashqi yoritish asboblaridan foydalanish qoidalarini buzishi, xuddi shuningdek yo‘lovchilarga loyqa sachratishi eng kam ish haqining ikkidan bir qismi miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (101 365 so‘m).

Xuddi shunday huquqbuzarlikni ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish - eng kam ish haqining bir baravari miqdorida (202 730 so‘m), shunday huquqbuzarlikni ikki marta ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish - eng kam ish haqining uch baravari miqdorida (608 190 so‘m), xuddi shunday huquqbuzarlikni uch marta va undan ortiq ma'muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etish - eng kam ish haqining to‘rt baravari (810 920 so‘m) miqdorida jarima solishga yoki transport vositasini boshqarish huquqidan olti oy muddatga mahrum etishga sabab bo‘ladi.

Top