09:22 / 13.05.2019
24472

Markaziy bank Namangan viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘zgardi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bank Namangan viloyati bosh boshqarmasiga yangi rahbar tayinlandi. Bu haqda Namangan24 xabar qilmoqda.

Markaziy bank boshqaruvi raisining buyrug‘iga binoan G‘aybullo Hamidullayevich Vohidov 2019 yilning 8 mayidan e'tiboran O‘zmarkazbank Namangan viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ish boshladi. U mazkur lavozimda faoliyat yuritib kelgan Ilyosjon No‘'monovich Jo‘rayevni almashtirdi.

Ma'lumot o‘rnida, G‘aybullo Vohidov 1984 yil 23 sentabr kuni Namangan tumanida tug‘ilgan. 2008 yili Namangan muhandislik-iqtisodiyot institutini, 2012 yili esa Toshkent moliya institutini tamomlagan, mutaxassisligi menejyer-iqtisodchi. 

U mehnat faoliyatini 2004 yili aksionerlik tijorat “Paxtabank” (hozirgi “Agrobank”) Toshbuloq filialida boshlagan. U ish faoliyati davomida ushbu bankning Namangan tumani va viloyat filiallarida turli vazifalarda, shuningdek, Markaziy bank Namangan viloyati bosh boshqarmasida pul muomalasini tartibga solish va monitoring qilish boshqarmasi boshlig‘i, “Asaka” bank Namangan viloyati filiali boshlig‘i, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hududlarni kompleks rivojlantirish boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida faoliyat yuritgan. 2018 yildan hozirgi vaqtda qadar Namangan viloyati hokimligining iqtisodiyot va hududlarni kompleks rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan edi.

Top